Yaxshilik ulashilgan kun
“Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida joylashgan Ayollar muruvvat uyida “Yaxshilik karvoni” xayriya tadbiri o‘tkazildi. Inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat va saxovat tamoyillarini hayotga keng tatbiq etishga qaratilgan mazkur tadbir ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida muruvvat uyida yashayotgan xotin-qizlarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Ular uchun madaniy-ma’rifiy dastur tashkil qilinib, dilga yaqin suhbatlar, samimiy muloqotlar va ko‘ngilochar chiqishlar bayramona muhitni yanada fayzli qildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Ayniqsa, ularning kayfiyatini yanada ko‘targan muhim yangiliklardan biri – markazning 50 nafar tarbiyalanuvchisi uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat tashkil etilishi belgilanganidir. Bu safar ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, milliy va diniy merosimiz bilan yaqindan tanishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

“Yaxshilik karvoni” xayriya tadbiri orqali jamiyatimizda insonparvarlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan ezgu an’analarning hayotbaxsh ahamiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar muruvvat uyi istiqomat qiluvchilariga yuksak e’tibor va e’zozni his etish, ularning qalbiga quvonch va umid bag‘ishlashga xizmat qildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri