San’at va meros uyg‘unligi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Bizning meros” turkumi doirasida O‘zbekiston xalq rassomi Nadejda Kashina tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma shaxsiy ochildi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Nadejda Kashina O‘zbekiston milliy rangtasvir maktabining shakllanishi va rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkorlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Uning asarlarida xalq hayoti, milliy urf-odatlar, inson obrazlari hamda yurt tabiatining betakror manzaralari o‘zining badiiy ifodasini topgan. Rassom ijodida o‘zbek xalqining turmush tarzi va madaniyatiga bo‘lgan samimiy mehr va hurmat yaqqol namoyon bo‘ladi.
[gallery-30361]
Ekspozitsiyadan rassomning 50 ta rangtasvir va grafika asari o‘rin olgan. Ular orasida portret, maishiy janr va manzara yo‘nalishidagi ishlar alohida ahamiyatga ega. Eksponatlarning asosiy qismi rassomning turmush o‘rtog‘i Gennadiy Gerasimov tomonidan Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasiga tuhfa qilingan.
Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlarning aksariyati o‘tgan asrning 1940-yillaridan keyin yaratilgan. Ayrim akvarel etyudlar esa rassomning ilk ijodiy davriga mansub bo‘lib, ular orqali ijodkorning badiiy izlanishlari, uslubining shakllanish bosqichlari va milliy tasviriy san’at taraqqiyotidagi o‘rnini kuzatish mumkin.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Nadejda Kashinaning boy ijodiy merosi bugungi kunda ham tasviriy san’at vakillari uchun muhim ijodiy maktab bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Uning asarlari milliy rangtasvir san’atining nodir namunalari sifatida yuksak qadrlanib, yosh ijodkorlarni yangi izlanishlarga ruhlantirib kelmoqda.
Ta’kidlanganidek, ko‘rgazma milliy tasviriy san’at tarixini chuqurroq anglash, badiiy merosning sara namunalari bilan yaqindan tanishish hamda san’at ixlosmandlarining estetik didini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA