“Yaxshilik marafoni” – xalq bilan hamjihatlik ifodasi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda Nukus tumani Kengashi tomonidan Nukus tumanidagi “Samanbay”, “Aqmang‘it” va “Diyqan arna” mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Yaxshilik marafoni” xayriya tadbiri tashkil etildi.
Partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgan mazkur xayrli tashabbus aholi muammolarini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tadbirda O‘zLiDePdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, tadbirkor Alisher Jumanazarov faol ishtirok etib, o‘z tashabbusi bilan bir qator ezgu ishlarni amalga oshirdi.
Xususan, mahallalarda istiqomat qilayotgan kam daromadli, ko‘p bolali oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularning turmush sharoitlari o‘rganildi hamda manzilli yordam ko‘rsatildi. Jumladan, Diyqan arna mahallasida yashovchi ko‘p bolali oilalar Ulday Yernazarova hamda Roza Torebayeva uzoq yillardan beri ishsiz bo‘lib, eski tikuv mashinalari orqali mahalladagi xotin-qizlarga buyurtma asosida kiyim-kechak tikib, ro‘zg‘or tebratib kelayotgani aniqlandi. Ushbu holatni inobatga olgan holda, deputat tomonidan ularga zamonaviy tikuv mashinalari sovg‘a qilindi. Bu esa ikki nafar xotin-qizning o‘zini o‘zi band qilish, daromadini oshirish va oilaviy farovonligini ta’minlash imkoniyatini kengaytirdi.
Shuningdek, mahallalardagi 10 ta xonadonda istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari hamda moliyaviy yordam taqdim etildi. Ayniqsa, Aqmang‘it mahallasida istiqomat qiluvchi keksa onaxon Nishangul Kulmuratova uzoq vaqtdan buyon davolanishga ehtiyoj sezib kelayotgani inobatga olinib, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida salomatligini tiklash uchun maxsus davolanish yo‘llanmasi ajratildi.
Bunday xayrli tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qilib, “Xalq bilan birga” tamoyilining amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.