Ochiqlik reytingi pasayishidan so‘ng “O‘zMET” AJda dinamik o‘zgarishlar kuzatildi
Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjuman “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2026-yilning 1-choragida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.
Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov, o‘rinbasarlar - Sobirjon Ortiqov va Akbarxon Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, mamlakatimiz energetika sohasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar tarmoq faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqayotganini qayd etdi.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, hisobot davrida elektr energiyasini uzatish, tarmoqlarni ishonchli ekspluatatsiya qilish va sohani rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishildi. Xususan, 1-chorak yakunlariga asosan 21,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi uzatildi va reja 108 foizga bajarildi. Texnologik yo‘qotishlar 1,1 milliard kilovatt-soatni tashkil etib, 3,97 foizgacha pasaytirildi (me’yor 4,99 foiz). Shu davrda 19,9 million kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. 1000 kilovatt-soat elektr uzatish uchun sarf 48,7 kilovatt-soatni tashkil etdi.
Yil yakuniga qadar 82,1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi uzatish, texnologik yo‘qotishlarni 4,96 foiz darajasida ushlab turish va 115,3 million kilovatt-soat elektr energiyasini iqtisod qilish rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda elektr energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, tarmoqning barqarorligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
[gallery-29211]
–Biz uchun eng muhim vazifalardan biri elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish bilan birga, uning sifatini ham ta’minlashdir. Bugungi kunda tarmoqlarni modernizatsiya qilish, eskirgan infratuzilmani bosqichma-bosqich yangilash ishlari jadal olib borilmoqda. Xususan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari joriy etilmoqda. Bu esa energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va tizimni masofadan turib boshqarish imkonini beradi. Yana bir muhim yo‘nalish shuki, bu - qayta tiklanuvchi energiya manbalarini milliy tarmoqqa integratsiya qilishdir. Quyosh va shamol elektr stansiyalarining ulushi oshib borayotgan bir paytda, ularni yagona tizimda samarali boshqarish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, hozirgi kunga qadar umumiy quvvati 6 979 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Jumladan, 4430 MVt quyosh fotoelektr stansiyalari, 1 652 MVt shamol elektr stansiyalari va 897 MVt elektr energiyasini saqlash tizimlari tashkil etadi. 2026-yil davomida umumiy quvvati 3 929 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi stansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Albatta, barcha islohotlarning markazida inson omili turadi. Malakali kadrlar tayyorlash, xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish ham ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Umuman olganda, amalga oshirilayotgan islohotlar elektr energetikasi sohasini yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiyotimiz tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi A.Nazirov.
Tadbirda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda investitsiya dasturlarining ijrosi kabi yo‘nalishlar sarhisob qilindi va kelgusi rejalar muhokama etildi. Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda tizim tasarrufida 1 675 ta podstansiya va 38 623 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mavjud bo‘lib, umumiy quvvat 61 012 megavolt-amperni tashkil etadi. 1-chorak davomida minglab kilometr tarmoqlarda rejali ko‘riklar, yuzlab uskunalarda ta’mirlash va modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Yoz mavsumi hamda 2026-2027-yillar kuz-qish davriga tayyorgarlik doirasida 23 552 kilometr magistral elektr uzatish tarmoqlarining 5 667 kilometrida ta’mir ishlari bajarildi, 2 817 ta kuch transformatorlardan 792 tasi va 4 217 ta o‘chirgichlardan 921 tasi ta’mirdan o‘tkazildi.
Investitsiya dasturlari doirasida 1-chorakda 117,2 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi, bu rejaga nisbatan 140 foizni tashkil etadi. Yil yakuniga qadar jami 664,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar hisobidan yangi podstansiyalar qurish, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda elektr uzatish tarmoqlarini kengaytirish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, raqamlashtirish va avtomatlashtirish yo‘nalishida SCADA va ERP tizimlari joriy etilmoqda. Sun’iy intellekt yechimlari asosida elektr tarmoqlarini boshqarish samaradorligini oshirish ishlari olib borilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA