Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining yangi binosi ochildi
25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Toshkent shahar Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yangi binosining foydalanishga topshirilgani bayramga haqiqiy tuhfa bo‘ldi.
Poytaxtning Yashnobod tumani ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari hamda aholi salmog‘i shiddat bilan o‘sib borayotgan hududlaridan biri bo‘lib, Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga kuniga yuzlab yurtdoshlarimiz murojaat bilan keladi.
Tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoit yaratish, huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda samarali natijalarga erishish maqsadida boshqarma uchun yangi bino bunyod etildi.

Yangi binoning ochilish marosmida ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov, tuman hokimligi vakillari, soha faxriylari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
A.Toshpo‘latov yangi binoning foydalanishga topshirilishi uch yuz mingga yaqin tuman aholisi va poytaxt mehmonlari uchun zamonaviy qulayliklarni yaratishi bilan alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Bu yerda xizmat olib borayotgan shaxsiy tarkib ham yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonga munosib, halollik va sadoqatni bosh mezon sifatida belgilab xizmat olib borishi zarurligi qayd etildi.

Tadbirda an’anaga ko‘ra ramziy lentalar kesilib, bino faxriylar tomonidan yaxshi tilaklar bilan ochib berildi. Mehmonlar xizmat xonalarida yaratilgan sharoitlar, fuqarolar uchun tashkil etilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishtirildi.
Tuman hududida xizmat olib borayotgan kuch-vositalar bir nuqtadan boshqaruv tizimi asosida muvofiqlashtiriladi. Tizim qalqon platformasiga integratsiya qilingan va ma’lumotlar almashinuvi onlayn rejimda amalga oshiriladi.
Avvalgi bino 1967-yilda qurilgan bo‘lib, ko‘p jihatdan zamonaviy talablarni bajara olmaydigan holatda edi. Bitta xizmat xonasida 4-5 nafar xodim xizmat olib borgan.

Yangi foydalanishga topshirilgan 100 dan ortiq xizmat xonalarida esa xodimlar uchun zaruriy barcha sharoitlar yaratilgan, texnik vositalar, kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlangan.
Aholiga xizmat ko‘rsatish, migratsiya va personallashtirish, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, har bir chaqiruvga o‘z vaqtida tezkorlik bilan munosabat bildirish uchun endilikda barcha imkoniyatlar yaratildi.
Shu bilan birga, mashg‘ulot va fitnes uskunalari bilan jihozlangan sport zal xodimlarni jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish uchun xizmat qilsa, 204 o‘rinli ma’rifat zali tuman miqyosidagi tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.
Ichki ishlar vaziri yangi bino shunchaki ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi emas, balki fuqarolar muammosini tezlik bilan hal etadigan zamonaviy tizimning muhim bir qismi ekanini alohida ta’kidladi.
Endilikda bu maskan chaqiruvlarga tezkorlik bilan javob beradigan, faoliyatiga zamonaviy texnikalar va sun’iy intellekt joriy etilgan raqamli boshqarma sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
N.Abduraimova,
O‘zA