Texnikum o‘quvchisining loyihasi - Yevropa mutaxassislari e’tiborida (+video)
Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tahsil olayotgan Sayyodbek Murodjonov o‘z jamoasi bilan qiymati 4 milliard 371 million so‘mga baholanayotgan, kosmik imkoniyatlarni tadqiq etishga qaratilgan loyihani amalga oshirdi.
Oyga inson qadami qo‘yilganiga yarim asrdan ko‘proq vaqt bo‘ldi. Endilikda kosmik tadqiqotlarning navbatdagi bosqichi — Oyga qaytish, uning resurslarini o‘rganish va kelajakdagi missiyalar uchun yangi texnologiyalarni yaratish bilan bog‘liq.2026-yil oktabrida NASA insoniyatning Oyga parvozi davomida to‘plangan 11 mingdan ortiq tasvir va yuzlab gigabayt ilmiy ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu ma’lumotlar Oy yuzasini chuqurroq o‘rganish va kelajakdagi kosmik missiyalarni rejalashtirishga xizmat qiladi. Koinotni o‘rganish uchun bugun nafaqat raketalar, balki dasturlash, muhandislik va yangi texnologik yechimlar ham zarur.Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tahsil olayotgan Sayyodbek Murodjonov ham ana shu yo‘nalishda izlanayotgan yoshlardan biri. Bog‘dod tumani 2-son texnikumi o‘quvchisi, “Green Lion” loyihasi asoschisi. U o‘z jamoasi bilan qiymati 4 milliard 371 million so‘mga baholanayotgan, kosmik imkoniyatlarni tadqiq etishga qaratilgan loyihani amalga oshirdi. Mazkur loyiha Yevropa davlatlarida ham qiziqish uyg‘otmoqda.
Sayyodbekning misoli kasbiy ta’limning zamonaviy mazmunini ham ochib beradi. Texnikum — faqat diplom olinadigan joy emas. Bu yerda egallangan bilimni amaliyotga tatbiq etish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va kelajakdagi faoliyat uchun zarur tajriba to‘plash muhim. Tizimda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 97 ta yangi zamonaviy kasb ham joriy etilgan.
Yoshlar uchun imkoniyatlar haqida gap ketganda, eng muhimi — bu imkoniyatlarning ortida turgan aniq maqsadlar va rejalar borligini aytish lozim. Masalan, “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasida har yili 600 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash, 2030-yilgacha 450 ming nafar yoshning xorijiy tillarni kamida B2 darajasida bilishiga erishish ko‘zda tutilgan. Yana bir e’tiborli jihat, 2030-yilgacha 20 ming nafar yoshni tadbirkorlikka o‘qitish rejalashtirilgan. Demak, bugun yoshlar uchun nafaqat kasb egallash, balki o‘z biznesini boshlash, yangi g‘oya ustida ishlash va uni hayotga tatbiq etish yo‘llari ham kengaymoqda. Bugun kasbiy ta’limda nazariy bilim bilan birga amaliy tajriba, ish beruvchilar bilan hamkorlik va xalqaro ta’lim dasturlariga ham e’tibor qaratilmoqda. Biroq imkoniyatning o‘zi yetarli emas — undan foydalanish uchun tashabbus, izlanish va mustaqil fikrlash zarur.
Marsda rekord o‘rnatayotgan robotlar ortida ham inson tafakkuri, dasturlash va muhandislik bilimlari turibdi. Bog‘dodda esa ana shu zamonaviy bilimlar bilan o‘z yo‘lini topishga intilayotgan yoshlar bor. Sayyodbek Murodjonov uchun bu hali yakun emas. “Green Lion” loyihasi va uning oldidagi rejalar yoshlarning kasbiy ta’limda olgan bilimlarini izlanish, tashabbus va katta maqsadlar bilan birlashtirishi mumkinligini ko‘rsatadi.
M.Turdaliyeva,O.Davronov,
A.Ahmedov (O‘zA)