“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish orqali ekologik barqarorlik yaxshilanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, "Yashil makon" umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Unga muvofiq, "Yashil makon" umummilliy loyihasini amalga oshirishda quyidagi qo‘shimcha mexanizmlar amalga oshiriladi:
a) Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi "yashil bog‘lar" va "yashil jamoat parklari"ni tashkil qilish uchun "Ochiq byudjet" axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan "Mening bog‘im" loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bunda:
aholi tashabbusi bilan "yashil bog‘lar" va "yashil jamoat parklari"ni tashkil qilish bo‘yicha maydon manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda qiymati 250 mln so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi;
"Mening “bog‘im" loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladi.
b) Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining manzilli ko‘kalamzorlashtirish investitsiya dasturi orqali quyidagilarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi:
har bir hududda dendrariylar, dendrologiya va botanika bog‘larini tashkil qilish;
shahar va tumanlarni "yashil belbog‘"lar bilan o‘rab olish;
5 gektardan kam bo‘lmagan yirik bog‘larni barpo etish;
transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish uchun "yashil qalqon" tashkil qilish.
v) moliyalashtirishda quyidagi qo‘shimcha manbalardan foydalanishga ruxsat etiladi:
suveren "yashil obligatsiyalar", "barqaror rivojlanish obligatsiyalari"ni chiqarish;
uglerod savdosi tizimini (carbon trading system) yo‘lga qo‘yish.
Daraxt ko‘chatlarini ekish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda aholi manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida:
a) avtomobil, temir yo‘l, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari yer uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (o‘rmon fondi yerlari bundan mustasno) "yashil bog‘lar" ushbu yerlarning egalari, foydalanuvchilari hamda tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida 10 yilgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ikki tomonlama shartnoma asosida barpo etiladi.
Har yili "Eng yashil mahalla" tanlovi o‘tkaziladi va tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahallaning tegishli jamg‘armasiga daraxtlar ekish va sug‘orish, "yashil jamoat parki"ni yaratishga jami 500 million so‘mdan o‘tkazib beriladi.
2024 yilda o‘rmon fondining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko‘chat yetishtirish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali kamida 10 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi.
Toshkent shahri hududida daraxtlarni pasportlashtirish ishlari bir necha bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich (2024 yil 1 martga qadar) - aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno);
ikkinchi bosqich (2024 yil 1 noyabrga qadar) -xatlov natijasiga ko‘ra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, bo‘yi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi; uchinchi bosqich (2024 yil 31 dekabrga qadar) - ma’lumotlar bazasi asosida "Yashil makon" elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.
2025 yil 1 fevralga qadar eksperiment yakunlaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa hududlarida ham daraxtlar pasportini joriy qilish buyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.
2024 yil 1 martdan boshlab yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari loyiha hujjatlari bo‘yicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida o‘z va tutash hududlarida "yashil belbog‘"lar barpo etish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish majburiy bo‘lgan talab etib belgilanadi.
Ko‘chatlar ekish va ularni parvarishlash hamda sug‘orish tadbirlarini moliyalashtirish masalalari vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalarining yillik xarajatlar smetasida hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub sanoat korxonalari, maxsus iqtisodiy zonalar hududlarida joylashgan sanoat korxonalarining yillik biznes rejalarida ko‘zda tutiladi.
O‘zA