Shukronalik va mas’uliyat
Bayram shukuhi kezib yurgan muborak kunlarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigi Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasidagi islohotlarning o‘ziga xos sarhisobidek go‘yo.
Prezidentimiz o‘z tabrigida muqaddas dinimizning asl mohiyati mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan naqadar uyg‘un ekaniga alohida urg‘u berdi. Bu bejiz emas. Zero, bugungi kunda jamiyatimizda ustuvor ahamiyat kasb etayotgan mahallalarni obod qilish, ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-kuvvatlash, nuroniylar va xotin-qizlarga e’tibor qaratish kabi xayrli ishlar Hayit bayramining asriy an’analari bilan suv va havodek tutashib ketgan.
Tabrikda tilga olingan tizimli ishlarning amaliy ifodasini bugun yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan muazzam obidalar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Marg‘ilondagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi xalqimizning o‘z ajdodlari oldidagi yuksak ehtiromi, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy kuch-qudratini dunyoga ko‘rsatuvchi haqiqiy mo‘’jizalardir. Bu maskanlar buyuk allomalarimizning ilmiy merosini sof holda o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishda ulkan mayoq vazifasini o‘taydi.
Bu yilgi Hayitning yana bir tarixiy va unutilmas voqeasi — yurtimizda ilk bor “Prezident hojilari” dasturining joriy etilishi bo‘ldi. E’tiqod erkinligi ta’minlangan yurtimizdan bu yil 15 mingdan ziyod vatandoshimiz haj amallarini bajarayotgan bo‘lsa, ularning safida el-yurtga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar nuroniylar, ulamolar va mahalla faxriylarining davlat ko‘magida muqaddas safarga yuborilgani dilimizni tog‘dek ko‘tardi.
Bu yangilik yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili shunchaki balandparvoz so‘z emas, balki oddiy odamlar hayotida namoyon bo‘layotgan haqiqat ekanini yana bir bor isbotladi. Muqaddas zamindan qaytgan bu tabarruk insonlar jamiyatimizda ma’naviy-tarbiyaviy muhitni sog‘lomlashtirishda, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, albatta, kamarbasta bo‘ladilar.
Prezidentimiz o‘z tabrigida bayram kunlarida ham yurt sarhadlarida, el xizmatida mas’uliyat bilan navbatchilik qilayotgan shijoatli o‘g‘lonlarimizga, chet ellarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimizga alohida iliq so‘zlar yo‘lladi. Bu e’tibor — dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, har bir o‘zbekistonlik davlatning doimiy e’tiborida ekanidan dalolatdir.
Bugun yurtimizda tinchlik, barqarorlik va hamjihatlik hukmron. Qurbon hayiti munosabati bilan belgilangan bir necha kunlik dam olish kunlari oila bag‘rida bo‘lish, qarindosh-urug‘ va bemorlar holidan xabar olish uchun qulay imkoniyatdir.
Davlatimiz rahbari aytganlaridek, bu go‘zal ayyomlar bizni yanada katta safarbarlik bilan harakat qilishga, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida birlashishga da’vat etadi. Shunday dorilamon kunlarga yetkazganiga shukrona aytgan holda, el-yurtimiz osoyishtaligi bardavom, muqaddas Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Mohigul Qosimova, O‘zA