Yarim yillik faoliyat yakunlari tahlil qilindi
Sirdaryo viloyat hokimligida Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi boshlig‘i Farruh Omonov ishtirokida aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligi hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyat aholisidan jami 17 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga кўпдир. Kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida ularning 56 foizi ijobiy hal etilgan.

Ta’kidlanganidek, viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlashda tizimli yondashuv shakllantirilgan. Jumladan, sektorlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida sayyor va shaxsiy qabullar muntazam tashkil etilmoqda. Shuningdek, muammolarni joyida bartaraf etishga qaratilgan shtablar faoliyatini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yig‘ilish davomida sohalar kesimida kelib tushgan murojaatlar atroflicha tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari, takroriy murojaatlarga olib kelayotgan omillar hamda mavjud kamchiliklar muhokama etildi. Mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglanib, aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, takroriy va jamoaviy murojaatlar sonini qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Qarshi shahrida shakllangan ijobiy tajribani ommalashtirish, murojaatlarda ko‘tarilayotgan tizimli muammolarni tegishli idoralar bilan hamkorlikda chuqur tahlil qilish, ularning asl sabablarini bartaraf etish hamda viloyat va tumanlar darajasida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, murojaatlar bilan ishlashda profilaktik yondashuvni kuchaytirish, har bir murojaatning sifatli va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yanada kengaytirish hamda mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Prezident Xalq qabulxonasi boshlig‘i tomonidan Sirdaryo viloyati Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Dilshunos Abdullayeva yig‘ilish ishtirokchilariga tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, aholi murojaatlarini tizimli o‘rganish, joylardagi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan o‘rganish ishlari hududlarda izchil davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri