Mo‘g‘ulistondan keltirilgan qo‘ylar bizni iqlimga mos keldi (+video)
Chorvachilikda naslni yaxshilash– bu chorvador mehnati, vaqtini va mablag‘ini tejash demakdir. Samara tez ko‘rinadi. Sohada qilingan o‘zgarish esa, mamlakat bozorlarida, go‘sht rastalaridagi narxlarda o‘z aksini topadi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun poytaxt bozorlarida qo‘y go‘shti 90-120 ming so‘mgacha sotilmoqda.Chorvadorlar bu yil mavsum yaxshi kelganini ta’kidlashyapti.
“Yog‘ingarchilik ham mo‘l bo‘ldi. Yaylovlarda hamon hashak, o‘t-o‘lanlar bor. Albatta go‘sht narxlarining shu ko‘rinishda saqlab qolinsa ham sohadagi islohotlar bo‘y ko‘rsatgan bo‘lardi” - deydi ular.
Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumani kengliklarida ham bahor mavsumi yaxshi keldi. Yaylovlar yashillikka burkandi. Chorvadorlar qo‘y-qo‘zilarni ko‘paytirishga astoydil kirishdilar. Shu bilan birga mayda shoxlilarning naslini yaxshilash masalasi ham nazardan chetda qolmadi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 24-25-iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga qilgan tarixiy davlat tashriflari chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekistonga mayda shoxli mollarni olib kelish va mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berilgandi. Avgust oyida Yakkabog‘ tumaniga Mo‘g‘ulistondan 2030 bosh “bayat” zotli qo‘ylar keltirildi.
- Yaxshi natijalarga erishdik, - deydi Yakkabog‘ tumani veterinariya va chorvachilik bo‘limi vetvrachi Nurali Jo‘rayev. – Hozirda bulardan olingan qo‘zilarning bosh soni 1450 taga yetdi. O‘zimizning mahalliy zotlar bilan chatishtirdik. Mo‘g‘ulistondan olib kelingan qo‘chqorlardan ham nasl oldik. Ularning qo‘ylaridan ham yaxshi nasl olsa bo‘larkan. Hamma sharoitlarni qildik. Havo aylantirgichlar ishlab turibdi.
Tuman veterinariya va chorvachilik bo‘limi mutaxassislari nazorati ostida parvarish qilingan qo‘ylar mahalliy “hisori”, “arashan”, “edilbay” zotli qo‘ylar bilan chatishtirildi. Natijada biroz jussasi kattaroq, sog‘lom, issiqqa va sovuqqa chidamli barqaror nasl olishga erishildi. Soha mutaxassislarining qayd etishicha, tez o‘suvchi va yuqori vazn oladigan ushbu qo‘ylar yaxshi parvarish qilinsa 35-50 kilogrammgacha vazn olishi mumkin.
Hozirda mazkur “bayat” zotli qo‘ylar sanoat usulida ko‘paytirish bosqichida. Veterinar mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra ularning ozuqasiga makka, bug‘doy, kungaboqar urug‘i va poyasi, shrot, beda, kepak mahsulotlari kiritilgan bo‘lib, makro va mikro elementlar bilan boyitib berilmoqda. Zero, 2029-yil yakuniga qadar mamlakatimizning turli hududlarida sanoat usulida ko‘paytirish orqali ularning sonini 1 mln boshga yetkazish reja qilingan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gOne_PBW_M8" title="Mo‘g‘ulistondan keltirilgan qo‘ylar bizni iqlimga moskeldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Jamshid Norqobilov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA