Yaponiyalik sayyohlar Farg‘onaga keladi
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom etmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Yaponiyaning Osaka prefekturasida joylashgan Kavachi-Nagano shahri deputatlar kengashi raisi Nobuyuki Urayama hamda shahar hokimi o‘rinbosari Sakaye Nishiguchi bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqot davomida ikki hudud o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Farg‘ona shahri va Kavachi-Nagano shahri o‘rtasida birodar shaharlar aloqalarini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, ta’lim hamda kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashabbuslar ikki hudud o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA