Samarqand va Andong birodarlashadi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Koreya Respublikasining Kyonsan-pukto provinsiyasi Andong shahri deputatlar kengashi raisi o‘rinbosari Son Kvan Yon boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi rahbariyati va deputatlar Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kengash raisi Shuhrat Negmatov O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalari yil sayin rivojlanib borayotganligini qayd etib, ushbu tashrif ham tomonlarning yanada yaqinligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining faoliyati, deputatlar tarkibi, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Andong shahri deputatlar kengashi raisi o‘rinbosari Son Kvan Yon ham o‘zaro hamkorlik aloqalari yuqori sur’atda davom etayotganini ta’kidlab, tashrifdan maqsad mavjud aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilganligini qayd etdi.
– Samarqand va Andong qadimiy shaharlar bo‘lgani bois, ular o‘rtasida o‘zaro uzviy bog‘liqlik bor, – dedi Son Kvan Yon. – Bu shaharlardagi madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash kelajak avlod oldidagi asosiy vazifamiz hisoblanadi. Shu bois, madaniy merosni asrash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kuchaytish, ulardan samarali foydalanish borasidagi tajribalarni almashish har ikkala tomon uchun manfaatli bo‘ladi. Shuningdek, yoshlar siyosati borasida ham hamkorlikni amalga oshirish borasida takliflarimiz bor. Bu masala ham har ikkala davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi.
[gallery-31989]
Mas’ullar uchrashuvda bildirilgan takliflar har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidlab, o‘zaro uchrashuvlarni ko‘paytirish tarafdori ekanliklarini bildirdi. Shu asosda Samarqand viloyati delegatsiyasi kelgusi yilning fevral oyida Andong shahriga tashrif buyurishi qayd etildi. Ushbu tashrif doirasida Samarqand va Andong shaharlari o‘rtasida birodar shahar memorandumini tuzish hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi masalalar muhokama qilinishi ma’lum qilindi.
Mehmonlar tashrif davomida Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarda bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari