Yangilanayotgan Chilonzor zamonaviy tus olmoqda
Toshkentning iqtisodiy hayoti faqat yirik savdo markazlari, zamonaviy ofislar yoki katta korxonalar atrofida shakllanmaydi. Shaharning kundalik hayoti kechadigan ko‘chalar ham iqtisodiy faollikning muhim nuqtalariga aylanib bormoqda. Bugun bir qarashda oddiy ko‘ringan ko‘chada kichik kafe, oilaviy restoran, savdo shoxobchasi, xizmat ko‘rsatish maskani, hunarmandchilik ustaxonasi yoki dam olish uchun qulay maydon paydo bo‘lishi butun hududning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirishi mumkin.
Xususan, Chilonzor tumanida gastronomik va turizm ko‘chalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ham aynan shu nuqtai nazardan baholash kerak. Bu yerda gap faqat yo‘lni ta’mirlash, piyodalar yo‘lagini yangilash yoki ko‘chaga yangi qiyofa berish haqida ketmayapti. Asosiy maqsad mavjud shahar makonidan foydalanib, aholi uchun qulay muhit, tadbirkor uchun yangi imkoniyat, tashrif buyuruvchi uchun esa o‘ziga xos manzil yaratish.
Bunday yondashuvning amaliy natijalarini Botirma mahallasi va Al-Xorazmiy ko‘chasining 1,7 kilometr qismida amalga oshirilgan ishlarda ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda bu hududda ikki bosqichda obodonlashtirish ishlari bajarilib, 35 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ammo loyihaning ahamiyatini faqat shu mablag‘ miqdori bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Muhimi, ushbu investitsiya hududdagi iqtisodiy harakatni qanchalik kuchaytirganida. Bugungi natijalarga ko‘ra, bu yerda 92 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan, 46 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini kengaytirgan. 402 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, hududdan 4,5 milliard so‘m soliq tushumi shakllangan. Bu raqamlarning har birida alohida bir jarayon mujassam.

Shu ma’noda, ko‘cha infratuzilmasiga sarflangan mablag‘ning samarasi faqat uning tashqi ko‘rinishida emas, odamlarning shu hududda qancha vaqt bo‘lishi, qancha xizmatdan foydalanishi va tadbirkorlikning qanchalik rivojlanishida namoyon bo‘ladi. Chilonzorda 100 ta ko‘cha va 15 kilometr hududni qamrab olish ko‘zda tutilayotgani ham masalaning ko‘lamini ko‘rsatadi. Biroq, bu jarayonda eng muhim jihat barcha ko‘chalarga bir xil qolipda yondashmaslik. Chunki shahar ko‘chalarining xarakteri bir xil emas. Bir hududda piyodalar oqimi yuqori bo‘lishi mumkin, boshqa bir joyda transport harakati ustun. Ayrim ko‘chalar turistik ob’ektlarga yaqin, boshqalari esa aholi zich yashaydigan hududlardan o‘tadi. Qaysidir ko‘cha oilaviy dam olish uchun qulay bo‘lsa, yana birining asosiy imkoniyati savdo va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Demak, har bir ko‘chaning o‘z iqtisodiy imkoniyatini aniqlash zarur. Qayerda gastronomik markaz tashkil etish mumkin? Qaysi yo‘nalishni turistik marshrutga ulash maqsadga muvofiq? Qayerda oilaviy dam olish maskanlari ko‘proq talabga ega bo‘ladi? Qaysi hududda kechki va tungi iqtisodiy faollikni rivojlantirish uchun sharoit mavjud? Bu savollarga javob topilmasdan turib, faqat ko‘chani chiroyli qilish bilan kutilgan iqtisodiy samaraga erishish qiyin. Shuning uchun piyodalar oqimi, aholi zichligi, mavjud tadbirkorlik sub’ektlari, bo‘sh turgan ob’ektlar, transport qatnovi, avtoturargohlar, yashil hududlar va turistik ob’ektlarning joylashuvi birgalikda o‘rganilishi muhim.
–Gastronomik ko‘cha tushunchasiga ham yangicha qarash kerak, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Toshkent shahar filiali mas’ul xodimi Shavkat Muhammadov. – Bunday ko‘cha faqat restoran va kafelar qatori emas. Odam bu yerga ovqatlanish uchun keladi, lekin uni ko‘proq vaqt qolishga undaydigan boshqa imkoniyatlar ham bo‘lishi kerak. Qulay piyodalar yo‘laklari, ochiq maydonlar, ko‘cha savdosi, madaniy tadbirlar, hunarmandchilik, oilaviy dam olish joylari, sifatli yoritish va xavfsiz muhit bir-biri bilan uyg‘unlashganda oddiy ko‘cha odamlar qayta-qayta keladigan manzilga aylanadi.
Bu esa tadbirkorlik uchun muhim. Chunki odam hududda qancha ko‘p vaqt o‘tirsa, uning turli xizmatlardan foydalanish ehtimoli ham shuncha ortadi. U restoran yoki kafega kiradi, xarid qiladi, xizmatlardan foydalanadi, tadbirda qatnashadi. Natijada piyodalar oqimi iqtisodiy faollikka aylanadi. Shahar iqtisodiyotida buni oddiy bir tamoyil bilan ifodalash mumkin. Jumladan, odam uchun qulay muhit bo‘lsa, biznes uchun qo‘shimcha imkoniyat. Yana bir muhim jihati bunday ko‘chalar faqat yoz mavsumida ishlaydigan hududga aylanib qolmasligi kerak.
Yozda ochiq terassalar, ko‘cha kafelari va gastronomik festivallar tashkil etilishi mumkin. Kuzda mahalliy mahsulotlar yarmarkalari, hunarmandchilik tadbirlari va mavsumiy savdoni yo‘lga qo‘yish mumkin. Qishda esa isitiladigan terassalar, yopiq pavilonlar va mavsumiy savdo nuqtalari iqtisodiy faollikni davom ettirishi mumkin. Buning ahamiyati tadbirkor uchun ham, shahar uchun ham katta. Tadbirkor yilning ma’lum oylaridagina emas, imkon qadar barqaror faoliyat yuritadi. Shahar esa yaratilgan infratuzilmadan uzoqroq muddat va samaraliroq foydalanadi.
Choponota ko‘chasida tadbirkorlik sub’ektlari sonini 653 tadan 1 341 taga, 24/7 rejimida ishlaydigan ob’ektlar sonini esa 61 tadan 361 taga yetkazish rejalashtirilayotgani ham shahar iqtisodiyotining yangi modeliga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Soliq tushumlarini 22,05 milliard so‘mdan 34,7 milliard so‘mgacha oshirish maqsadi esa bu jarayonning iqtisodiy natijasini aniq ko‘rsatkichlar orqali baholash imkonini beradi. Ammo 24/7 iqtisodiyot deganda faqat kechasi ochiq turadigan savdo nuqtalarini ko‘paytirish tushunilmasligi kerak.
Kechasi ishlaydigan shahar, avvalo, xavfsiz shahar bo‘lishi zarur. Ko‘chalar yaxshi yoritilishi, jamoat transporti faoliyati ta’minlanishi, sanitariya talablari bajarilishi, piyodalar va transport harakati tartibli tashkil etilishi kerak. Avtoturargoh masalasi ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Demak, tungi iqtisodiyotning rivoji biznesning xohishigina emas, balki shahar infratuzilmasining tayyorgarligini ham talab qiladi. Kichik halqa yo‘lida kunlik tashriflar sonini 30,5 ming nafardan 45,5 ming nafargacha oshirish rejalashtirilayotgani ham e’tiborga molik. Bir qarashda qo‘shimcha 15 ming tashrif buyuruvchi katta iqtisodiy imkoniyatdek ko‘rinadi.
Lekin raqamning o‘zi hali natija emas. Muhimi, bu odamlar hududda qancha vaqt qoladi, qayerlarga boradi va qanday xizmatlardan foydalanadi. Agar ular faqat ko‘chadan o‘tib ketsa, iqtisodiy ta’sir cheklangan bo‘ladi. Agar hududdagi restoran, kafe, do‘kon, xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga kirsa yoki dam olish maskanlaridan foydalansa, tashrif real iqtisodiy faollikka aylanadi. Shu sababli kelgusida shahar loyihalarining samaradorligini baholashda tashrif buyuruvchilar soni bilan birga ularning hududda qolish vaqti, xizmatlardan foydalanish darajasi va biznes aylanmasidagi o‘zgarishlarni ham hisobga olish foydali bo‘ladi.
Qatortol ko‘chasida ish o‘rinlari sonini 2 354 tadan 3 009 taga yetkazish, ya’ni 655 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilayotgani ham loyihaning ijtimoiy ahamiyatini oshiradi. Yangi ish o‘rni shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Uning ortida bir insonning mehnati va daromadi, bir oilaning xarid imkoniyati, mahalliy bozorda yangi talab paydo bo‘lishi turadi. Ayniqsa, gastronomiya, turizm, savdo, xizmat ko‘rsatish, logistika va kreativ yo‘nalishlarda yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishi yoshlar uchun ham muhim imkoniyatdir. Shu jihatdan ko‘chalarni rivojlantirish loyihalarini bandlik siyosati bilan ham bog‘lash mumkin. Yangi ob’ektlar ochilayotgan hududda mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, yoshlarni xizmat ko‘rsatish va turizm yo‘nalishlariga o‘qitish, kichik biznes uchun qulay sharoit yaratish natijani yanada mustahkamlaydi.
Chilonzorda 100 ta ko‘chani rivojlantirish jarayonida yana bir masalaga e’tibor qaratish zarur. Sababi, ular bir-biridan uzilib qolmasligi kerak. Hozirga qadar 1,3 kilometr hududda ishlar bajarilgani, 4,4 kilometr qismida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari davom etayotgani, shuningdek, 11 ta ko‘chada turizm ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilayotgani bu boradagi ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi. Afrosiyob, M.G‘ofurova, Beshyog‘och, Chilonzor, I.Karimov, Arnasoy, Furqat, Zargarlik, Choponota, Muqimiy va 2-Qatortol ko‘chalari kabi yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘lash orqali alohida-alohida manzillardan ko‘ra kattaroq turistik va gastronomik makon yaratish mumkin. Buning uchun piyodalar harakati qulay bo‘lishi, yo‘nalishlar aniq ko‘rsatilishi, jamoat transporti bilan bog‘lanish ta’minlanishi, velosiped infratuzilmasi rivojlantirilishi va turistik ob’ektlar yagona marshrut sifatida ko‘rsatilishi kerak.
Shunda ko‘chalar oddiy transport yo‘nalishi bo‘lib qolmaydi. Ular shaharning o‘ziga xos iqtisodiy va ijtimoiy makoniga aylanadi. Albatta, bunday katta loyihalarda eng muhim masala — natijani muntazam o‘lchab borish. Yangi tadbirkorlik sub’ektlari nechta bo‘ldi? Nechta ish o‘rni yaratildi? Soliq tushumi qancha oshdi? Tashrif buyuruvchilar soni qanday o‘zgardi? Ular hududda qancha vaqt qolmoqda? Bo‘sh ob’ektlar kamayaptimi? Kechasi ishlaydigan bizneslar soni ko‘payaptimi? Ana shu savollarga muntazam javob berib borish loyiha samaradorligini aniq ko‘rsatadi. Chunki bugungi shahar rivojida ko‘chaning chiroyli ko‘rinishi muhim, ammo uning hayoti undan ham muhimroq. Obod yo‘lak odamga qulaylik yaratadi. Yangi restoran xizmatni ko‘paytiradi. Yangi biznes daromad manbaini kengaytiradi.
Yangi ish o‘rni oilaga qo‘shimcha imkoniyat beradi. Tashrif buyuruvchilar sonining ortishi esa tadbirkorlik uchun yangi talabni yuzaga keltiradi. Shu sababli Chilonzorda amalga oshirilayotgan gastronomik va turizm ko‘chalari loyihasining asosiy mezoni ko‘chalar qanchalik chiroyli bo‘lib qolgani emas, balki ularning odamlar hayotiga va hudud iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganidir. Agar 100 ta ko‘cha yagona konsepsiya asosida, har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirilsa, Chilonzorda shunchaki obod ko‘chalar emas, balki odamlar yashaydigan, ishlaydigan, hordiq chiqaradigan va pul sarflaydigan faol shahar muhiti shakllanishi mumkin. Eng katta natija ham shunda — ko‘chaga yangi qiyofa berish emas, uning hayotini o‘zgartirish.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA