Tinchlik, adolat va samarali davlat boshqaruvi – barqaror rivojlanishning muhim omili
Oliy Majlis Senatida “Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi” doirasida “Tinchlik, adolat va samarali davlat boshqaruvini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda tinchlik, adolat va samarali davlat boshqaruvi – mamlakat barqaror taraqqiyoti va davlat institutlariga jamoatchilik ishonchini ta’minlovchi o‘zaro uzviy omillardan ekani ta’kidlandi.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ham ushbu masalalarga alohida o‘rin berilgan. Xususan, 16-maqsad – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, barcha uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, korrupsiya va poraxo‘rlikni qisqartirish, samarali, hisobdor va shaffof institutlarni shakllantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Mamlakatimizdagi islohotlar “inson – jamiyat – davlat” munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining xalq oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, davlat rahbari tomonidan taqdim etilgan “Odil sudlov - 2030” strategiyasi sud-huquq sohasini yanada takomillashtirishda muhim dasturiy hujjat ekani qayd etildi. Strategiyada 57 vazifa, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan 160 chora-tadbir va 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 maqsad belgilangan.
Mazkur vazifalar sudlarni insonga yanada yaqinlashtirish, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sud jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga qaratilgan.

Zamonaviy davlat boshqaruvi samaradorligi qabul qilingan qarorlar yoki amalga oshirilgan tadbirlar soni bilan emas, balki ularning aniq natijasi va inson hayotiga ta’siri bilan baholanadi. Shu bois davlat organlari faoliyatini baholashda fuqarolar muammolarining hal etilishi, ma’muriy to‘siqlarning qisqartirilishi, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va qaror qabul qilish jarayonlarining ochiqligi muhim mezondir.
Korrupsiya, ekstremizm va poraxo‘rlik ko‘lamlarini qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Korrupsiya nafaqat iqtisodiy zarar, balki qonun ustuvorligi, adolat va davlat institutlariga bo‘lgan ishonchga jiddiy tahdid ekani ta’kidlandi.

Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqbuzarliklarni aniqlash va jazolash bilan bir qatorda, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratish zarur. Bunda ichki nazorat va komplayens tizimlarini kuchaytirish, korrupsiyaviy xavflarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xaridlarining ochiqligini ta’minlash va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda qator davlat va ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik, qonun ustuvorligi va samarali davlat boshqaruvini ta’minlashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA