Yangihayotda aholiga yangi qulayliklarni taqdim etadigan sud binosi foydalanishga topshirildi
2025-yil 21-avgustda davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan.
Farmon bilan 2030-yilga qadar sud binolarini mamlakatning nufuzi va odil sudlovni amalga oshirish vazifalariga mos, qulay, xavfsiz va zamon talablariga javob beradigan namuna asosida bunyod etish bo‘yicha aniq manzilli dastur qabul qilindi.
Dastur asosida 2030-yil yakuniga qadar 162 yangi sud binosi quriladi, 82 sud binosi qayta rekonstruksiya qilinadi va 32 sud binosi mukammal ta’mirlanadi.

Sud binolari nafaqat zamonaviy tejamkor loyihalar asosida, balki xalqaro talablar asosida to‘liq raqamlashgan holda faoliyat ko‘rsatadi.
Bundan ko‘zlangan maqsad aholiga qulaylik yaratish. Bunyod etilayotgan sud binolari zamonaviyligi, raqamli texnologiyalar bilan ta’minlanayotgani xalqimizga shunday imkoniyatni taqdim etayotir.
Bu borada yana bir qadam qo‘yildi – Toshkentda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur sud binosi eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, bu, avvalambor, sudning ochiqligi, shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, sud binosiga kelgan har bir fuqaro O‘zbekistonda adolat borligiga ishonch hosil qilib ketishi kerak.
N.Abduraimova,
O‘zA