Yangi O‘zbekistonning yangi Farg‘onasi
Tashrifdan tashrifgacha
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farg‘ona viloyatiga navbatdagi ishchi tashrifi bilan keldi. Bir qarashda bu oddiy voqeadek ko‘rinadi. Chunki davlat rahbari joylardagi islohotlar, aholi turmush tarzi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish uchun barcha hududlarga borib turadi.
Ammo Farg‘ona viloyatiga tashrifining o‘rni, ahamiyati o‘zgacha. Negaki, Prezident so‘nggi tashrifi chog‘ida tilga olgan raqamlar bugunga kelib hayotiy haqiqatga aylandi. Yangi tashrif viloyat rahbariyati, mas’ullari oldiga yana ulkan vazifalar qo‘yadi. Ular esa aslida xalq farovonligi, yurt ravnaqini ta’minlovchi yuksak marralar bo‘ladi.
Xo‘sh, Prezident tashrifidan tashrifigacha Farg‘ona viloyatida qanday natijalarga erishildi?
So‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan tizimli islohotlar o‘zining samarali natijalarini ko‘rsatmoqda. Yer va qazilma boyliklari cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, hududda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va axborot texnologiyalari sohalarida barqaror o‘sish ta’minlandi.
[gallery-29001]
Birgina misol.Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yilda 7 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, 26,6 million so‘mga yetdi yoki 3,8 barobar o‘sdi.
Bandlik va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham ijobiy sur’at qayd etildi. O‘tgan yilda 519 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, ularning daromadlari oshirildi va 53 ming oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Endilikda 2026-yil yakuniga qadar ishsizlikni 3 foizga, kambag‘allikni esa 2,7 foizga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Investitsiya va tashqi savdo sohasida ham sezilarli o‘sishga erishildi. Viloyatda 26 ta yirik, 357 ta o‘rta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirilib, salkam 3 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Eksport hajmi izchil oshdi, eksportchi korxonalarning soni kengaydi.
Qishloq xo‘jaligida o‘tgan yili 94,3 ming gektar maydonda 816,7 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 86,6 sentnerni tashkil etdi. Paxtachilikda 72 ming gektarda 324 ming tonna hosil olindi. Meva-sabzavot eksporti 403 million dollarga yetdi. Tomorqachilik va ixcham issiqxonalar orqali minglab xonadonlar barqaror qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Ba’zi bir misollarni tilga olsak.
Uchko‘prikda Xitoyning “Yong Xin” MCHJ tomonidan kafel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 75 mln dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Buning hisobiga yillik 450 mlrd so‘mlik 29 mln kv metr kafel mahsuloti ishlab chiqarish quvvati va 700 ta ish o‘rni yaratildi. Yoki Quvasoy shahrida Xitoyning “Crown ceramics” MCHJning 70 mln dollarlik bo‘lgan keramogranit plitalar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, uning quvvati yillik 402 mlrd so‘mlik 10 mln kv metr mahsulot ishlab chiqarishga yetkazildi. Shuningdek, bu korxonada 500 ta ish o‘rni yaratildi.
Farg‘ona viloyati xorijiy investitsiya uchun jozibador hudud sifatida qaralmoqda. 2025-yilda 30 ta davlatdan investitsiyalar kiritildi. Ular Xitoy (1,5 mlrd), Rossiya (360 mln), Turkiya (255 mln), Singapur (95 mln), Tailand (84 mln) va boshqa davlatlarga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilda esa xorijiy investitsiyalar 4,2 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobarga o‘sish ta’minlanadi deganidir. Ushbu loyihalardan bugungi kunda umumiy qiymati 8 mlrd dollarlik 480 tasida ishlar boshlab yuborilgan. Ular orasida Xitoyning "HENG TAI" kompaniyasi tomonidan 350 mln dollarlik Farg‘ona shahrida “FOSHAN”sanoat zonasi, Farg‘ona tumanida agrologistika va savdo sanoat parki hamda Marg‘ilon shahrida 5 yulduzli “HILTON” mehmonxonasi, Quva tumanidagi 26 gektarda Turkiyaning “Heyal Holding” kompaniyasi tomonidan loyiha qiymati 330 mln dollar bo‘lgan “Turk maxsus sanoat zonasi”ni ko‘rsatish mumkin. Xuddi, shuningdek, Toshloq tumani, Farg‘ona shahrida ham Xitoy, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda ulkan loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
2026-yilda 30 dan ortiq davlatdan investitsiyalar kiritilishi rejalashtirilgan. Ular ichida hamkorlik yuqori bo‘lgan Xitoy (7,4 mlrd), Turkiya (746 mln), Rossiya (445 mln) davlatlari bilan bir qatorda Qatar (200 mln), Kanada (35 mln) kabi ilk marotaba investitsiya kiritayotgan davlatlar ham bor.
Farg‘ona mahsulotlari dunyo bozorini egallamoqda.O‘tgan yili 1,3 mlrd dollarlik eksport amalga oshirildi. Shundan, qishloq xo‘jaligi 403 mln dollar (o‘sish 144%), sanoat mahsulotlari 695 mln dollar (o‘sish 140%), 202 mln dollar turizm va xizmatlar hamda 20 mln dollar IT xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keladi (o‘sish 1,4 baravar). Eksport geografiyasi 65 taga yetdi. Yangi 11 ta davlat bozorlariga kirib borildi. (Xorvatiya, Ruminiya, Gretsiya, Aljir, Tayland, Shvetsiya, Ummon, Meksika, Maldiv, Irlandiya, Vengriya va Tayvan). Rejalar esa o‘sib boryapti. 2026-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 1 mlrd dollarlik meva- sabzavot bilan jami 2 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Farg‘ona viloyati rahbarlari hamda mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2026-yilda kambag‘allik darajasini 2,6 foizga tushirishga barcha imkoniyatlar yetarli (23 560 ta oilada 92 825 nafar a’zo qoladi, shundan, 7947 tasi qizil toifadagi oilalar).
2025-yilda 53 mingta oilalar (219 ming a’zo ) reyestrdan chiqarildi. Vazifani bajarishning farg‘onacha usuli shundan iboratki, o‘tgan yili 63 mingta oilaning (260 ming aholi) har biriga “individual rejalar” ishlab chiqilib, 59 mingta kambag‘al oilalar (250 ming aholi) daromadini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rildi.
Jumladan, 44 ming nafari ishga joylashtirildi, 38 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 5,7 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Kambag‘al oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yili 13 mingta oilaga 206 mlrd so‘mlik kredit, 6 mingdan ortiq oilaga 16 mlrd so‘m ssuda va subsidiya mablag‘lari ajratildi. 99 ta og‘ir mahallaga ajratib berilgan 250 mlrd.so‘m mablag‘ hisobiga 70 mingga yaqin xonadonlarning tomorqasini sug‘orish, elektr energiya bilan uzluksiz ta’minlash, natijada 100 ming aholining daromadini oshirish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Bundan tashqari, 427 nafar usta-dehqon va agronom, 200 dan ortiq lider tadbirkor mahallalarga biriktirilib, yuqori daromadli ekin ekishga o‘rgatilmoqda.
Farg‘onaga bir yil avval ham kelgan mehmonlarning ta’kidlashicha, bugungi shahar-tuman manzaralarini taqqoslash ancha mushkul. Chunki viloyatda juda katta bunyordkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Aholini turar-joy bilan ta’minlashda 8 yil mobaynida 882 ta 28,5 ming xonadonli uy-joylar qurildi. 2025-yilni o‘zida 10,6 ming xonadonli 220 ta uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi va 10 mingdan ziyod oila uy-joy bilan ta’minlandi. Ushbu uy-joylar qurilishiga 2,0 trln so‘m tadbirkorlar mablag‘lari va bank kreditlari sarflandi.
Misol uchun, Qo‘qon shahar “Aziztepa” MFY hududidagi 34,2 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda (6 338 xonadon, 84 ta uy). 1-bosqichda 32 ta 2 517 xonadonli uy-joy foydalanishga topshirildi.
Har yili viloyatda aholi soni 100 ming nafarga o‘sishi natijasida ijtimoiy sohani rivojlantirishga bo‘lgan talab ham ortib boryapti. Hozirgi kunda yangidan 29 ta maktab va 45 ta bolalar bog‘chasi qurish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi.
Xalqaro “S&P Global” reyting agentligi Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini ikki marta yaxshilab, 2025-yil noyabr oyida “B+” darajadan "BB-"ga ko‘tardi va barqaror o‘sishni prognozlashtirdi hamda “Standart & Poor`s” (AQSH) xalqaro reyting agentligi tomonidan viloyatga “VV- barqaror” reytingi berildi.
Ushbu reytingga asosan, 100 mln.dollarni 109 ta maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 62 ta tibbiyot muassasasini ta’mirlash va kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan ta’lim muassasalarining jihozlash ishlariga, yana 100,0 mln.dollarni esa 50 ta sanoat zonasiga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishiga sarflash rejalashtirildi.
2025-yilda Farg‘ona viloyatida 47 ta yangi IT kompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yildi, IT-Park rezidentlari 139 taga yetdi, ularning 21 tasi Hindiston, AQSH, Rossiya kabi xorijiy mamlakatlar investorlari ishtirokida amalga oshirildi.
Misol uchun, Farg‘ona shahrida Sherzod Parpiyev rahbarligidagi “DAVR-RU” xususiy korxonasida 400 dan ziyod dasturchi yoshlar ishlamoqda. Ularning o‘rtacha oyligi 30 mln so‘m. IT kompaniyalari 2,8 trln so‘mlik IT xizmatlari hamda 22,8 mln dollarlik eksportni amalga oshirdi.
Bugungi kunda viloyatda 10 ga yaqin chet davlatlarda faoliyat olib borayotgan kompaniyalarning ofislari ochildi, jumladan AQSHdagi “Silk Road”, “Forsayt Intelejens” va “Pro Tim Solushns” kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ularning filiallari tashkil etildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi “Audiotele”, “Anteyko” hamda “Telekontakt” kompaniyalari vakillari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat yoshlari uchun yana bir quvonchli voqea shu ediki, Yaponiya davlatida faoliyat olib boradigan “Mikado AyTi Development” kompaniyasining filiali endi Farg‘onada ish faoliyatini boshladi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirgan holda joriy yilda viloyatda frilanserlar 6 500 nafarga, IT-Park rezidentlari 200 taga va IT xizmatlar eksporti 50 mln dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Sayyohlikning yangi manzillarini topib, So‘x tumanida Ugam va Miraki tajribasi asosida turizm majmualari tashkil etilishi, Farg‘ona tumanida yirik turistik-rekreatsion zona barpo qilinishi, Qo‘qon shahrida yangi turizm maskanlari barpo etilib, madaniy meros ob’ektlari bo‘ylab sayohat marshrutlarini yo‘lga qo‘yish ustida juda katta amaliy ishlar olib borilmoqda.
Farg‘onaning jannatmakon manzillaridan biri Shohimardonda bir necha kilometrga cho‘zilgan osma ko‘priklar, funuklyor, ekstrimal turizm nuqtalari barpo etishga kirishildi. Farg‘ona tumanida esa malinachilik agroturizmiga ixtisoslashgan klasterga asos solindi. Yozyovonda qum barxanlari bo‘ylab ralli, kvadratotsikl turizmi hamda baliq oviga ixtisoslashgan ekoturistik manzilar barpo etilmoqda.
Modomiki, davlat rahbarining ikki tashrifi oralig‘ida shu qadar beqiyos ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilibdiki, bugun Prezident qo‘yadigan vazifalar salmog‘i ulardan kam bo‘lmaydi. Hech shubha yo‘q Yangi Farg‘ona Yangi O‘zbekistonga munosib qiyofa oladi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA