Yangi Toshkentdagi loyihalar o‘rganildi
Yangi Toshkentda bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Yaqinda davlatimiz rahbari ushbu megaloyiha hududiga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishdi va kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi.
Kuni kecha parlament quyi palatasi deputatlari ham Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari hamda shaharsozlik loyihalari bilan tanishdi.
Tashrif davomida Yangi Toshkentni zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida barpo etish, aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Xalq vakillari ko‘p qavatli uylarda aholining barcha toifasi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy binolar va infratuzilmani barpo etish jarayonida aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish va kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash muhimligiga e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, deputatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi faoliyati bilan ham tanishdilar. Sohada zamonaviy talablarni joriy etish, qurilish sifati va xavfsizligini ta’minlash, uy-joy fondini boshqarish hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratdilar.
M.Komilova, O‘zA