“Valet-parking” — shahar infratuzilmasida yangi qulaylik
Ko‘pgina xorij filmlarini tomosha qilganimizda, restoran, mehmonxona, savdo markazlariga mashinasi bilan borgan qahramonlar avtomobilini maxsus xodimga topshirib, ichkariga kirib ketgan holatlarni ko‘p ko‘rganmiz va bunga havas yoki “birovga qanday ishonib berib ketish mumkin”, degan hadik bilan qaraganmiz.
Kinolarda ko‘rganimiz ana shu xizmat — avtomobilni maxsus xodimga topshirib, mashina to‘xtash joyiga qo‘yib berish hamda qaytib kelganda, mashinani olib kelib berish xizmati valet-parking xizmati hisoblanadi. Endilikda mazkur xizmat O‘zbekistonda ham rivojlantiriladi.
Yaqinda Prezidentimiz Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida Yangi Toshkentni iqtisodiy markazga aylantirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulayliklar yaratish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Shu jumladan tirbandlikni kamaytirish va mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida valet-parking xizmatlarini rivojlantirish taklifi ham bildirildi.
Xo‘sh, uning afzalligi nimada? Maxsus xodim (valet) mashinani qabul qilib oladi va avtomobilni avtoturargohga joylashtiradi. Bu bilan mijozlarga qulaylik yaratiladi. Mijoz o‘zi avtoturargoh qidirib yurmaydi, vaqti tejaladi, asablari buzilmaydi, tirbandliklar yuzaga kelishining oldi olinadi.
Ushbu zamonaviy xizmatni mamlakatimizda keng joriy etish uchun esa avvalo, aniq huquqiy qoidalarni belgilash, qonuniy asoslarini mustahkamlash zarur. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida aynan shu — valet-parking xizmatini huquqiy tartibga solish masalalari soha mutaxassislari ishtirokida keng muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, transport vositalarining qabul qilinishi, saqlanishi va egasiga qaytarilishi jarayonlarini, xizmat ko‘rsatuvchi operatorlar, ularning xodimlari va transport vositasi egalari o‘rtasidagi munosabatlarni qonunchilik asosida tartibga solish lozim.
Bu borada “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunga valet-parking xizmati, uning operatori va xodimi, transport vositasini qabul qilish hamda qaytarish joylariga oid asosiy tushunchalarni kiritish lozimligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi, piyodalarning erkin harakatlanishi, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalariga rioya etish, transport vositalarini tegishli toifadagi haydovchilik huquqiga ega xodimlar boshqarishi hamda xizmat ko‘rsatish joylarini qonuniy asosda tashkil etish bo‘yicha talablarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalarda valet-parking xizmati ko‘rsatish shartnomasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, transport vositasini qabul qilishni tasdiqlash, avtomobil holati va mavjud shikastlanishlarni qayd etish, transport vositasining saqlanishi uchun operator javobgarligini hamda yetkazilgan zararni qoplash tartiblarini belgilash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada Fuqarolik kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Valet-parking xizmatlarini joriy etishda xizmat sifati va xavfsizligini oshirish, sohada qonuniy asoslarni, aniq huquqiy talablarni belgilash orqali xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Demak, xorij filmlarida ko‘rganimiz ushbu qulay xizmatlar yurtimizda ham asta-sekin urfga kiradi. Buning uchun, birinchi navbatda, huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, zarur infratuzilma rivojlantiriladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA