“Yangi Toshkent”: 25 milliard dollarlik megaloyiha e’tibor markazida
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan V Xalqaro investitsiyalar forumi doirasida mamlakatimizning eng yirik shaharsozlik tashabbusi — “Yangi Toshkent” megaloyihasi ishtirokchilar va xorijiy investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinmoqda.
Forumning ilk kunlaridayoq taqdim etilgan ushbu loyiha O‘zbekistonning zamonaviy urbanizatsiya strategiyasini ifodalovchi eng muhim tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi. Mutaxassislar fikricha, XXI asr o‘rtalariga borib dunyo aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qilishi kutilmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Barcha uchun uy-joy, xavfsiz va barqaror shaharlar” konsepsiyasi bugungi kunda global ahamiyat kasb etmoqda.
“Yangi Toshkent” loyihasi ikki million aholiga mo‘ljallangani bilan nafaqat mintaqada, balki xalqaro miqyosda ham yirik urbanistik tashabbuslardan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” va “15 daqiqalik shahar” tamoyillari asosida zamonaviy infratuzilma barpo etilmoqda.

Dastlabki bosqichda loyiha doirasida 25 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston shaharsozlik sohasida yangi investitsion bosqich boshlanganini anglatadi.
Forum doirasida “The Investor” jurnalining maxsus soni taqdim etildi. Unda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov bilan intervyu ham chop etilgan bo‘lib, unda mamlakat qurilish sohasi va investitsion muhitning istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Vazir ta’kidlaganidek, O‘zbekiston qurilish sektori bugungi kunda nafaqat tez sur’atlarda rivojlanayotgan bozor, balki aniq qoidalar, zamonaviy boshqaruv tizimi hamda uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan barqaror investitsiya maydoni sifatida shakllanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimizda 135 mingta xonadon qurilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 140 mingtaga yetkazish hamda qurilish hajmini 30 trillion so‘mga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Yangi Toshkent” loyihasida zamonaviy transport tizimi, muhandislik infratuzilmasi, raqamli boshqaruv yechimlari hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlar alohida e’tiborda.

Mutaxassislar fikricha, “Yangi Toshkent” loyihasi nafaqat zamonaviy shahar barpo etish tashabbusi, balki mamlakat iqtisodiy o‘sishini jadallashtiruvchi, xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytiruvchi va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiluvchi strategik loyiha sifatida katta ahamiyatga ega.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA