O‘zbekistonda farmatsevtika sanoati jadal rivojlanmoqda: ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshdi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholini sifatli va mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Sohaga investitsiyalarni jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatimizda yirik korxonalar tomonidan qariyb 1,9 trln. so‘mlik asosiy farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga ko‘paygani sohada yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda to‘rt oy davomida 1,2 trln. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning asosiy qismi Toshkent shahrida jamlanganini anglatadi.
Keyingi o‘rinlarda Sirdaryo viloyati 261,5 mlrd. so‘m va Toshkent viloyati 123,5 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish bilan qayd etilgan. Shuningdek, Namangan viloyatida 106,2 mlrd. so‘m, Samarqand viloyatida 78,4 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Farg‘ona viloyatida 40,3 mlrd. so‘m, Andijon viloyatida 39,9 mlrd. so‘m va Surxondaryo viloyatida 30,3 mlrd. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich nisbatan kamroq bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha, farmatsevtika sanoatidagi o‘sish mamlakatning dori vositalari xavfsizligini ta’minlash, importga qaramlikni qisqartirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, hududlarda yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va mahalliylashtirish darajasini oshirish kelgusida sohaning yanada jadal rivojlanishiga turtki berishi kutilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, farmatsevtika sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotining eng tez o‘sib borayotgan tarmoqlaridan biriga aylanib, mamlakatning tibbiy va iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin egallamoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA