Namanganda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari yuksak saviyada tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida inson qadri, ilm-fan va ta’limga bo‘lgan yuksak e’tibor mujassam. Ayniqsa, yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida yurtimizning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Yangi Namangan tumanidagi 2-umumta’lim maktabida tashkil etilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
[gallery-29625]
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz maktablari bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Viloyat hokimi o‘z so‘zida yurtimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtaldi. Ustoz va murabbiylarning fidokorona mehnati, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati hamda o‘quvchi-yoshlarning erishayotgan yutuqlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida muhim omil ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mazkur ta’lim muassasasini tamomlayotgan 120 nafar bitiruvchiga kelgusidagi o‘qish va mehnat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi. Yil davomida a’lo baholari, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar munosib rag‘batlantirildi. Shu bilan birga, iqtidorli o‘quvchilarning ota - onalarigi “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tashakkurnomalar topshirildi.
Ta’kidlash joiz, 2025/2026 o‘quv yilida Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablarini 39 ming 981 nafar o‘quvchi tamomlamoqda. Bitiruvchilar orasidan 725 nafari oltin, 150 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA