Yangi O‘zbekistonda hokimiyat insonga yaqinlashmoqda
O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasida 6 ta ustuvor yo‘nalishga e’tibor qaratilgani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson, mahalla va joylardagi muammolar turganini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar ichida mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash hamda deputatlik korpusiga real vakolat va moliyaviy resurs berish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aholi davlat islohotlarini raqamlar yoki hisobotlar orqali emas, balki o‘z mahallasidagi yo‘l, suv, elektr, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari holati orqali baholaydi. Shu ma’noda, mahalla — davlat siyosati samaradorligining eng asosiy ko‘rsatkichiga aylanmoqda.
2026 yildan boshlab mahallani rivojlantirishda kompleks yondashuv joriy etilishi — muhim yangilik. Har bir viloyatda 2–3 ta tuman tanlanib, ulardagi barcha mahallalar muammolari bir vaqtning o‘zida hal etiladi. Bu esa parchalangan va samarasiz yondashuv o‘rniga tizimli rivojlanishni ta’minlaydi. E’tiborli tomoni esa, har bir mahalladagi moliyaviy mustaqillik mahallaning kuchayishiga xizmat qilishidir. Murojaatnomada mahalliy byudjetlar vakolatini kengaytirishga qaratilgan qarorlar alohida o‘rin egalladi. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumlarning muayyan qismi hududlarda qoldirilib, uning yarmi tuman byudjetlariga o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, prognozdan ortiq tushgan daromadlarning 50 foizi, yer ijarasi va bozor tushumlari to‘liq tuman byudjeti ixtiyorida qoladi.
Bu orqali tuman byudjetlari kamida ikki barobar oshishi, mahalladagi muammolarni markazga chiqmasdan, joyida hal etish imkoni yaratiladi. Eng muhimi, mahalla infratuzilmasi uchun ilk bor 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga berilmoqda. Bu yangilik har bir xalq vakilini ham tashabbuskorlikka da’vat etmoqda. Bugungi deputat — nazoratchi emas, tashabbuskor bo‘lishi davr talabiga aylanmoqda. Zero, Murojaatnomaning eng muhim siyosiy yangiliklaridan biri, deputatlik institutiga amaliy kuch berishdir. Endi deputatlar faqat muammoni ko‘tarib chiquvchi emas, balki uni hal etish uchun resursga ega bo‘lgan shaxsga aylanmoqda.
Xususan, har bir deputat o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m mablag‘dan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, “yashil hudud” va “yashil bog‘” loyihalari bo‘yicha har bir deputat tashabbusiga 330 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilab qo‘yildi. Bu qarorlar deputatlik faoliyati mazmunini tubdan o‘zgartiradi. Endi deputat aholi muammosini bilish, tashabbus ko‘rsatish va uni moliyaviy jihatdan ta’minlash imkoniga ega. Bu albatta, har bir deputatni zamon bilan hamnafas bo‘lishga chorlaydi, chunki, unda javobgarlik va hisobdorlik kuchayadi.
2026 yildan boshlab tuman va shaharlarda hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlarining ajratilishi ham mahalliy vakillik organlari nufuzini oshiradi. Deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritilishi belgilandi. Bu — mahalliy ijro hokimiyatining Kengashlar va deputatlar oldidagi javobgarligini oshiradigan muhim mexanizm.
Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan yo‘nalishlar shuni ko‘rsatadiki, Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tobora insonga, mahallaga va deputatga yaqinlashmoqda. Mahalla — ijtimoiy rivojlanish markaziga, deputat esa joylardagi o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi asosiy sub’ektga aylanmoqda.
Bu islohotlar nafaqat infratuzilmani yaxshilaydi, balki aholining davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi. Yangi yil arafasida e’lon qilingan ushbu Murojaatnoma xalq quvonchiga quvonch qo‘shdi, jamiyatda bayramona kayfiyatni yanada kuchaytirdi. Eng muhimi, u amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, har bir fuqaroda o‘z taqdiri, mahallasi va yurti taraqqiyotiga daxldorlik hissini yanada oshirdi. Murojaatnomada belgilab berilgan aniq maqsadlar, ochiq mexanizmlar va deputatlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar Yangi O‘zbekistonda “davlat – xalq uchun” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.
Firuza Muxitdinova,
Mirobod tumani xalq deputatlari Kengashi deputati