“Yashil makon” kelajakka qaratilgan mas’uliyat
Munosabat

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasining joriy yilgi mavsumida 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i tashkil qilish borasida boshlab bergan ibratli ishlari diyorimiz taraqqiyoti yo‘lida yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Shuningdek, “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushirilishi ayni muddao. Har bir harakat ertangi kunda o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Bugun mahalla raislari, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollar, joylarda milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizni yanada kengroq targ‘ib qilishga chorlamoqda. Bu bejiz emas, albatta.
Quvonarlisi 2026-yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassislar tayyorlash, botanika va dendrologiya bog‘lari texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlar uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi. Prezidentimiz hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirish, bu boradagi loyihalar uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdorini oshirdi. Bularning zamirida tabiat va ona vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ulari mujassam.
Har bir ko‘cha, xonadon va yo‘l bo‘ylariga nihollar qadash, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda katta avlod vakillari yoshlarga bosh bo‘lishi, ularga tabiatni sevish va asrash bo‘yicha o‘rnak ko‘rsatishi zarur. Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi” kabi ibratli gaplari bejiz aytilmagan. Chunki yaxshi niyatli inson hamisha ezgu ishlarga undaydi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi sabab yurtimiz yashillikka burkanmoqda. Jumladan, Qashqadaryoda ham tabiatni asrash, havo musaffoligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini kamaytirish va yashil hududlarni kengaytirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan.
Birgina o‘tgan yilning kuz mavsumida 10 million 174 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 10 million 364 ming tup manzarali va mevali ko‘chat ekilib, “Yashil makon” platformasiga kiritildi.
2026-yil bahor va kuz mavsumlarida jami 16,3 million tup (bahorda 6 mln 219 mingta) daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangan bo‘lib amalda bugungacha 6 million 668 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, platformaga kiritildi.
Birgina Qarshi-Qamashi yo‘lining 53 kilometrida 164 ming dona hamda Qarshi-Nishon yo‘lining 20 kilometr qismidagi yo‘l yoqalarida 100 mingta ko‘chat ekilib, sug‘orish tizimlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, 16 ta tuman (shahar)larda bittadan jami 16 ta yangi “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari” barpo etiladi. Mutaxassislarning fikricha, ekilgan har bir nihol nafaqat havoni tozalaydi, balki ona zaminning musaffoligiga xizmat qiladi. Bu jarayonda faqat son emas, balki sifat va doimiy parvarish muhim ahamiyat kasb etadi.
Akbar Rahmonov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Qashqadaryo viloyat bo‘limi raisi.
O‘zA