«Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi»ni tashkil etish masalalari muhokama qilindi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi» sport musobaqalarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov raislik qildi.
Yig‘ilishda musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, jamoalarni shakllantirish, sport infratuzilmasini tayyor holga keltirish, hakamlikni ta’minlash, xavfsizlik va tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Mazkur tashabbus talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish hamda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, musobaqalar oliy ta’lim muassasalarida sport muhitini rivojlantirish va iqtidorli sportchilarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot o‘rnida, «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi»da basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol kabi sport turlari o‘rin olgan. Olimpiadaning oliy ta’lim tashkilotlari bosqichi 1–30-aprel kunlari, hududiy bosqichi 1–15-may, so‘nggi - respublika final bosqichi esa 1–10-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA