Sodiqjon Abdullayev yuksak marralarni ko‘zlamoqda
Mamlakatimizda navqiron avlodni sportga keng jalb etish va ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning samarasida qit’a hamda jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini yuksaltirayotgan yoshlarimiz safi tobora kengaymoqda.
Ana shunday yoshlardan biri — o‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sodiqjon Abdullayev. Merganimiz 2005-yil 11-mart kuni Namangan viloyati Kosonsoy tumanida tavallud topgan. U 2019-yil Tohirjon Abdullayev qo‘l ostida «Vatanparvar» tashkiloti tizimidagi sport-texnika klubida o‘q otish sportining ilk saboqlarini o‘rgana boshladi. Keyinchalik tajribali murabbiylar Muhabbat Kondakova va Tatyana Tarasova rahbarligida olib borilgan mashg‘ulotlar uning mahoratini yanada oshirdi.
2022-yil merganimiz faoliyatida muhim bosqich sifatida qayd etildi. O‘zbekiston chempionatida 25 metr masofadagi mayda kalibrli to‘pponcha yo‘nalishida bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, mamlakat kubogida 10 metr masofada pnevmatik qurolda oltin medalga sazovor bo‘ldi. O‘sha yili Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida jamoaviy bahslarda va 2023 Minsk shahridagi MDH o‘yinlarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
2025-yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida to‘rtinchi o‘rin va “V.Pochivalov” xalqaro turnirida kumush medal bilan taqdirlandi. Milliy musobaqalarimizda esa eng yaxshilar qatorida e’tirof etildi.
Joriy yilning fevral oyida Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionati Sodiqjon Abdullayev uchun yangi bosqichni boshlab berdi. Unda merganimiz terma jamoamiz hisobiga kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.
Sodiqjon Abdullayev nafaqat sportda, balki ta’lim sohasida ham o‘z ustida ishlab kelmoqda. U ayni damda “Alfraganus” universitetining jismoniy tarbiya va sport fakultetida tahsil olmoqda. Bu esa uning kelgusida yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Sodiqjonning har bir natijasi ortida muntazam mashg‘ulotlar, yuqori intizom va kuchli iroda mujassam. Merganimiz o‘zbek sportining istiqbolli vakillaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. U mamlakatimiz sport nufuzini xalqaro maydonlarda yanada yuksaltirishiga ishonamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, Hotam Mamdaliyev (surat), O‘zA