“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” doirasida stol tennisi bahslari o‘tkazildi
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” kompleks sport musobaqalarining ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyati oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Bellashuvlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport inshootlarida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Musobaqada Toshkent viloyatidagi 8 ta oliy ta’lim muassasasi jamoalari ishtirok etib, iqtidorli hamda sportga qiziqishi yuqori bo‘lgan talaba-yoshlar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida Chirchiq davlat pedagogika universiteti jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Angren universiteti vakillariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi pog‘onadan “International School of Finance Technology and Science” jamoasi joy oldi.
Ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida ham Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari g‘olib bo‘ldi. Tibbiyot akademiyasi Chirchiq filiali ikkinchi, Belarus-O‘zbekiston tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Miks bahslarida ham Chirchiq davlat pedagogika universiteti jamoasi tengsiz ekanini namoyon etdi. Tibbiyot akademiyasi Chirchiq filiali ikkinchi, Angren universiteti esa uchinchi o‘rin bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA