“Vazir kubogi” sport va hamjihatlik bayramiga aylandi
Qashqadaryo viloyatida umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog xodimalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasi yuqori saviyada tashkil etilib, ko‘tarinki kayfiyatda yakunlandi.
Musobaqaning tuman va shahar bosqichlarida 1 ming 500 dan ortiq jamoa ishtirok etib, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari kesimida 12 mingdan ziyod pedagog qamrab olindi. Bu esa ta’lim tizimida sportga bo‘lgan qiziqish, sog‘lom turmush tarziga e’tibor hamda jamoaviy muhitni mustahkamlashga intilish tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatdi.
Hududiy bosqichlarda saralangan 16 ta jamoa viloyat bosqichida o‘zaro bellashdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar davomida ishtirokchilar nafaqat sport mahoratini, balki ahillik, jamoaviylik va g‘alabaga intilish fazilatlarini ham namoyon etdi.
[gallery-29371]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qarshi tumani 49-maktab jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Kasbi tumani 22-maktab jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Qarshi shahridagi 11-maktab jamoasi egalladi.
G‘olib va sovrindor jamoalarga diplom, kubok hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari