“Yangi O‘zbekiston” massivlari obod turmush maskaniga aylangan
Aholi soni o‘sishi bilan uy-joyga ehtiyoj ham oshishi tabiiy. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu dolzarb masalani alohida e’tiborga olib, odamlarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rdi.
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, qishloqlarda, 22 noyabrdagi qarori bilan esa shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari qabul qilindi. Ular asosida o‘tgan davrda minglab uy-joylar barpo etilib, aholiga topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, so‘nggi 8 yilda O‘zbekistonda qurilish industriyasi yangi bosqichga ko‘tarilib, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. 2016 yilda umumiy qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 234 trillion so‘mga yetdi. Joriy yilda esa ushbu raqamni 254 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.

2017 yilda mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 11 mingta maxsus texnika mavjud bo‘lgan. Bugungi kunda esa ularning soni 44 mingtadan oshgan. Bu esa sohada texnik ta’minlanganlik darajasining qanchalik oshganini, qurilish tashkilotlarining imkoniyatlari kengayganini ko‘rsatadi. Shuningdek, birgina 2024 yilning o‘zida 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uyda 100 mingdan ziyod xonadon barpo etildi.
Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini barqaror qondirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etish dasturi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 56 ta massiv tashkil etilgan bo‘lib, ularda 28 ming xonadon iborat 543 ta uy qurilgan. Joriy yilda xalqimiz ixtiyoriga 135 mingta xonadon topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu massivlarda faqat turar joylar emas, balki ijtimoiy, madaniy va infratuzilma ob’ektlari ham qurilayotgani aholining farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqin istiqbolda, 2030 yilgacha “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilishi belgilangan.

“Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilishi millionlab odamlarning tasavvuriga ham sig‘maydigan yangilik edi. 2020 yilda 29 ta, 2025 yilda 890 ta uy, jami 31 mingta xonadon qurib foydalanishga topshirildi. Massivlarda odamlarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadidagi ishlar shaxsan davlatimiz rahbari nazoratida.
Darhaqiqat, har bir inson o‘zining go‘zal va shinam uyi bo‘lishi, unda oila a’zolari bilan tinch, farovon yashashni istaydi. “Yangi O‘zbekiston” massivlari bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik siyosatining yorqin ifodasi.

2021 yil 9 dekabrda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan edi. Shundan so‘ng aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlarining urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida yurtimizning turli qismlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etildi. Jumladan, Chirchiq shahrida zamonaviy uy-joylar qurilib, minglab oilalar yangi xonadonlarga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, bu uylarni xarid qilish uchun subsidiya va ipoteka kreditlarining ajratilishi yuzlab oilalarning og‘irini yengil qilmoqda.

– Ikki nafar farzandimga ham ota, ham onaman, – deydi Chirchiq shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida istiqomat qiluvchi Dilorom Karimova. – Ijarada ikki nafar yosh bolam bilan juda qiyin ahvolda yashardik. Sharoiti yo‘q uy-joylarda yashadik. Yog‘ingarchilik paytlari tomimizdan tomchi o‘tardi. Ikki nafar farzanim hali voyaga yetmagan. Subsidiyaga ariza bergandim, arizam qabul qilinib bizga subsidiya xabarnosi chiqqanida ochig‘i quvonchdan yig‘lab yubordim. Endi bizning ham o‘z uyimiz bor. Hayotimiz tubdan o‘zgardi. So‘ngan umidlarim qayta uyg‘ondi. Bu kabi xayrli ishning boshini tutganlardan bir umr minnatdorman. Biz kabi ehtiyojmand insonlarga e’tibor berib, g‘amxo‘rlik qilayotgan yurtboshimizga tashakkur.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, Chirchiq shahridagi “Iftixor” MFY hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilishi belgilangan edi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida Chirchiq shahri “Iftixor” MFYga yondosh hududda umumiy 49 gektar yer maydonida yangi barcha ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiyalarga ega 82 ta 7, 9, 12 va 16 qavatdan iborat, jami 6 ming 440 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangan bo‘lib, qurilish ishlari 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 2022-2024 yillarda “Yangi O‘zbekiston” massivida 23 ta jami 1 ming 190 xonadonli ko‘p qavatli uylar, 3 ta ijtimoiy soha ob’ektlari, shu bilan birga, maktabgacha ta’lim tashkiloti, maktab, oilaviy poliklinika foydalanishga topshirilgan. Xalq roziligini o‘ylab amalga oshiriladigan ishlar sabab, bugun minglab insonlar tinch, xotirjam o‘z uyida yashayapti.

– Baxtsiz hodisa tufayli bir oyog‘imdan ayrilganman, – deydi ikkinchi guruh nogironi Nodira Mardanova. – Bu uyga ko‘chib o‘tguncha qanday yashadim, eslagim ham kelmaydi. Uy olishga juda ko‘p harakat qildim. Biroq kredit summasi qimmat edi. Shu o‘rinda hukumatimiz yordamga keldi. Bu uyning boshlang‘ich mablag‘i esa davlatimiz tomonidan to‘lab berildi. Ipoteka krediti 20 yilga taqsimlandi. Muhimi, endi uyimiz bor, ko‘nglim xotirjam. Oilamiz bilan baxtli yashayapmiz. Bundan ortiq baxt bormi!? Eng muhimi, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida aholining dam olishi, bolalar va yoshlarning faol vaqt o‘tkazishi uchun ham qulayliklar yaratilgan. Xususan, saylgohlar, bolalar bog‘chasi, sport maydonlari, sog‘lomlashtirish maskanlari hamda barpo qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2025 yilda Chirchiq shahri bo‘yicha 23 ta jami 1 ming 356 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar yangidan qurilishi rejalashtirilgan.
– Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan O‘zbekiston miqyosida 135 mingta ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi belgilangan, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Elyor Komilov. – Joriy yilning o‘zida mamlakat bo‘ylab 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etiladi. Umuman, 2030 yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon, har bir hududda qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida maktab, bog‘cha va tibbiyot maskanlari quriladi. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 135 ta uy-joylarning 10 mingga yaqini qurib foydalanishga topshirildi.
Shuni ham aytish joiz, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020 yildagi 16 kvadrat metrdan 2025 yilda 19 kvadrat metrgacha oshgani ko‘p yillik rejalarning samarasi sifatida ko‘rilmoqda. Qurilish ishlari nafaqat mavjud ehtiyojlarni ta’minlash, balki mamlakat infratuzilmasini tubdan yangilashga qaratilgan. Shuning uchun ham 2024 yili 21,4 million kvadrat metr turar joy va 19,1 million kvadrat metr noturar binolar qurilib, umumiy hajm 40,5 million kvadrat metrni tashkil etdi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda. Uy-joy qurilishini rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan ipoteka va aylanma mablag‘lar ajratish mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2024 yilda 17 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lsa, quruvchi va developerlarga 3 trillion so‘m aylanma mablag‘ berildi. Bu orqali sohaga xususiy investorlarni jalb qilish, bozor ishtirokchilari faolligini oshirish imkoni yaratildi. Qurilish ishlari orqali bevosita va bilvosita ish o‘rinlari yaratilayotgani ham muhim omillardan biri bo‘ldi. Masalan, 2024 yilda qurilgan 100 ming xonadon hisobiga pudratchilar, boshqaruv va servis, qurilish materiallari, transport kabi sohalarda 350 ming odam ishli bo‘ldi. Joriy yilda esa 400 ming kishi qurilish sohasida band etilishi rejalashtirilgan.
Bunyodkorlik ishlari Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham davom etmoqda. Nurafshonning 5-6 yil avvalgi tashqi qiyofasi bugungidan tubdan farq qilardi.
Aholi farovonligi va turmush madaniyatini oshirishga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari ilg‘or shaharsozlik yechimlari asosida qurilgan. Ko‘p qavatli uy-joylar ko‘rkamligi, tartibliligi va obodligi bilan tuman qiyofasini o‘zgartirib yubordi. Inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Har bir uy zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, atrofi esa bolalar maydonchalari va avtoturargohlar bilan ta’minlangan.
E’tiborli jihati, “Yangi O‘zbekiston” massivlari dasturining eng katta yutug‘i — odamlarning ko‘p yillik orzulari ro‘yobga chiqayotgani. Bunyodkorlik ishlari nafaqat uy-joy, balki butun infratuzilmaning yangilanishini ham ko‘zda tutadi. “Yangi O‘zbekiston” massivlari bir nechta qurilish kompaniyalari tomonidan barpo etilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish davlat siyosatining muhim bir qismi bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad shunchaki shaharni ko‘rkamlashtirish emas, balki insonlarning baxtli yashashi uchun sharoit yaratishdir.
Prezidentimizning 2025 yil 21 fevraldagi tegishli farmoniga binoan Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 427 ta xonadonli 6 ta ko‘p qavatli uylar qurish belgilangan, bosqichma-boshqich xonadonlar qurib borilmoqda. Yuqoridagilar shunchaki oddiy raqamlar emas. Chunki har birining ortida odamlar taqdiri yotibdi. Yangi uylarda yashayotganlarning hayot tarzi, kayfiyati ham ijobiy tomonga o‘zgarib, ularda hayotdan mamnunlik hissi ortib bormoqda.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari — bu nafaqat yangi uylar, balki xalqimiz hayot sifatini yuksaltirish, ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgan ulkan bunyodkorlik.
Bir so‘z bilan aytganda, “Yangi O‘zbekiston” massivlari bu oddiygina turar joy emas. Har bir qurilgan uy – kimningdir orzusi, yillar davomida kutgan xonadoni. Bir paytlar bo‘sh yotgan maydonlarda bugun osmono‘par binolar qad rostladi. Bu yerda zamonaviy uy-joylar, maktablar, bog‘chalar, poliklinikalar barpo etilmoqda. Bularning barchasi aholi farovon hayot kechirishi uchun xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA