Yangi o‘quv yili yangi o‘quv binosida boshlandi
Bugun Namangan viloyatidagi ta’lim muassasalarida ham birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. “Bilimlar kuni” viloyatdagi 790dan ortiq davlat va xususiy maktablarda ko‘tarinki ruhda boshlandi.
Namangan shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabining o‘qituvchi va o‘quvchilari mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi shodiyonasi hamda yangi o‘quv yilini chinakam bayramona kayfiyatda qarshi olishdi.

Boisi, maktabda yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Investitsiya dasturi doirasida 990 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilib, zamonaviy mebel va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Loyihani amalga oshirish uchun 8,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.


Qayd etish darkor, 1961-yilda qurilgan ilmgoh so‘nggi bor 2009-yili mukammal ta’mirlangan edi. Bunyodkorlik ishlari natijasida ma’rifat maskanining o‘quvchi sig‘imi 1 ming 660 o‘rindan 2 ming 650 o‘ringa yetkazildi. Qamrov koeffitsiyenti esa 2,4 dan 1,5 ga tushirildi.
Darhaqiqat, yangi, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega o‘quv binosida endi o‘quvchilar sifatli ta’lim olish, o‘z iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.


Tantanali tadbirda Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Yangragan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari shunchaki o‘quvchilarni birinchi darsga chorlov emas, balki ertamiz egalarini yuksak marralar sari dadil intilish, chuqur ilmu hunar egallashga da’vat ham bo‘ldi.


Maktab ostonasiga endigina qadam qo‘ygan 351 nafar birinchi sinf o‘quvchisiga Prezident sovg‘alari taqdim qilindi.
Mazkur ta’lim dargohi direktori Mahfuza Muralimovaning qayd etishicha, o‘tgan o‘quv yilida maktabni tamomlagan 364 bitiruvchining 107 nafari oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lish baxtiga erishdi. 203 kishilik pedagogik jamoa yangi o‘quv yilida oliy ta’limga qamrov ko‘rsatkichini salmoqli oshirishga astoydil ahd qilishgan.

Ma’lumot o‘rnida: Namangan viloyatidagi sakkiz yuzga yaqin maktablarda yangi – 2026/2027 o‘quv yilida 70 ming 838 nafar bolani birinchi sinfga qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ilk bor maktabga chiqqan bolajonlar Prezident sovg‘alari bilan to‘liq ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA