Yangi o‘quv yili: ta’lim muassasalarida xavfsizlik – ustuvor vazifa
Mamlakatimizda 2-sentabr – Bilimlar kuni hamda yangi o‘quv yilining boshlangani munosabati bilan ta’lim muassasalarida xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil respublika bo‘yicha 11 ming 178 umumta’lim maktabida Bilimlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Ularda jami 5,8 million nafar o‘quvchi, jumladan, birinchi sinfga qadam qo‘ygan bolalarning ota-onalari bilan birgalikda ishtirok etdi.
Yangi o‘quv yilida 598 kasbiy ta’lim muassasasi va 73 akademik litsey o‘z faoliyatini boshladi. Bu esa yangi o‘quv yilining ilk kunlarida ta’lim muassasalarida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish, jamoat tartibini ta’minlash va profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil etishni taqozo etadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida tezkor yig‘ilish o‘tkazilib, yangi o‘quv yilini uyushqoqlik bilan boshlash, ta’lim muassasalarida o‘quvchilar va ularning ota-onalari xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilinib, tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda harakatlanishni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shundan kelib chiqib, ta’lim muassasalari atrofida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar harakatini tartibga solish, maktablar oldida transport vositalarining harakatlanishi va to‘xtashi bilan bog‘liq holatlarni nazorat qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Ayniqsa, birinchi sinfga qabul qilingan bolalarning ota-onalari bilan birgalikda tadbirlarda ishtirok etishi hisobga olinib, maktablar atrofida piyodalar oqimi va avtotransport harakatini xavfsiz tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim muassasalarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, zarur hollarda tezkor harakat qilish bo‘yicha tayyorgarlik holati ham ko‘rib chiqildi.

Mas’ullarga har bir ta’lim muassasasida xavfsizlik choralarini oldindan ta’minlash, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish hamda mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Bugun esa erta tongdan maktablar oldida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borildi. Xususan, maktablar atrofida transport vositalari harakati nazorat qilinib, o‘quvchilarning yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishiga ko‘maklashilmoqda. Haydovchilarga tezlikni me’yoridan oshirmaslik, maktablar yaqinida hushyor va e’tiborli bo‘lish yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA