12-maktabda Bilimlar kuni keng nishonlandi
Bugun yurtimizdagi 11 mingdan ortiq umumta’lim maktablarida Bilimlar kuni keng nishonlanib, yangi o‘quv yiliga start berildi. Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayramiga uyg‘un ravishda o‘tayotgan Bilimlar kunida minglab farzandlarimiz yangi bilimlarni olish ishtiyoqi bilan maktabga qadam qo‘yishdi. Jumladan, bu yil 800 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qiz maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ymoqda.
Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 12-umumta’lim maktabida ham Bilimlar kuni katta shodiyona qilindi.

Bayram tadbirida maktab direktori Umida Mahamatova davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Tabrikda qayd etilganidek, keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib bormoqda.
“Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “IT”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir. Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkirab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir”, deydi Prezidentimiz o‘z tabrigida.

Darhaqiqat, bugun maktab ostonasiga katta orzu–niyatlar bilan qadam qo‘yayotgan farzandlarimiz ertangi porloq kelajagimizning poydevorlari, Uchinchi Renessansni barpo etishga qodir avloddir. Ularning ko‘zlari, nigohlaridagi katta ishtiyoq va intilishni ko‘rib, quvonasan kishi.
– Bizning maktabimizda 1 ming 280 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi 12-umumta’lim maktabi direktori U.Mahamatova. – Shu jumladan, bu yil 1-sinfga 170 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Beshta sinfdan iborat 1-sinf o‘quvchilarimizga maktab sumkasi va o‘quv qurollari jamlanmasi topshirildi.

Bilimlar kunida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan she’rlar, kuy va qo‘shiqlar, raqslar taqdim etilib, barchaga bayramona kayfiyat ulashildi.
M.Komilova,
O‘zA