Yangi mavsum — o‘zbek teatrida jo‘shqin ijodiy davr
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan teatr jamoalari tomonidan o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari yurtdoshlarimizning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz davlat teatrlari bu yilgi ijodiy mavsumni keng ko‘lamli tashkiliy islohotlar, xalqaro hamkorlik loyihalari va yangi premyeralar bilan boshlamoqda.
Sentyabr oyidan e’tiboran respublika bo‘ylab teatrlar o‘z pardalarini ochib, tomoshabinlarga qator yangiliklarni taqdim etmoqda. Joriy mavsumning asosiy o‘ziga xos jihatlari madaniyat sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, teatrlarning ijodiy va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda repertuarlarni zamonaviy mazmun bilan boyitish kabilarda namoyon bo‘lmoqda.
Eng katta yangiliklardan biri — bir qator yetakchi davlat teatrlariga moliyaviy va ijodiy mustaqillik berilganidir. Endilikda teatrlar o‘z shtatlar jadvali va lavozimlarini mustaqil shakllantirish, mahalliy hamda xorijiy rejissyor va mutaxassislarni erkin jalb etish, repertuar siyosatini zamon talablariga mos ravishda belgilash huquqiga ega bo‘ldi.
Yurtimiz teatr jamoalarining xalqaro hamkorligi va yangi loyihalardagi ishtiroki ham faollashmoqda. Bu yilgi mavsumda xorijlik ijodkorlar bilan hamkorlik sezilarli darajada kengaydi.
Yevropa teatrlari bilan aloqalar ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, Italiyaning “SILENCE” teatri bilan yangi ijodiy memorandum imzolandi. Hamkorlik doirasida viloyat teatrlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy sahna asarlari ustida ishlash rejalashtirilgan.
Mamlakatimiz teatrlarida binolarni yangilash, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va tomoshabinlar uchun qulay sharoitlar yaratishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Chiptalarni onlayn xarid qilish tizimi iTicket.uz, Afisha.uz kabi zamonaviy platformalar orqali yanada takomillashtirilib, qator akademik va drama teatrlarida chiptalarni uydan chiqmagan holda elektron shaklda xarid qilish imkoniyati kengaytirilmoqda.
Ijodiy jamoalar repertuaridagi yangi premyeralarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbek Milliy akademik drama teatri yangi mavsumni O‘zbekiston xalq shoiri Isajon Sulton asari asosida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, mohir rejissyor Asqar Xolmo‘minov sahnalashtirgan “Birinchi qaldirg‘och” (“Ma’suma”) spektakli bilan boshladi. Ayni paytda turkiyalik adib Tunjer Jujenog‘lining “Ko‘chki” asari ham yaqin kunlarda tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Yurtimizning madaniyat va san’at sohasida o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan jamoa — Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining yangi mavsumi ham opera yulduzlari ishtirokidagi betakror konsertlar, yangi spektakllar va ijodiy jamoalarning musiqiy dasturlari bilan boy bo‘lishi kutilmoqda.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida ham mavsum boshidan buyon tomoshabinlarga taqdim etilgan “Jadidlar”, “Halima”, “Maysaraning ishi”, “Qaynona” kabi spektakllar san’at muxlislariga manzur bo‘lmoqda.
Mavsum boshida tarixiy siymolar, zamonaviy muammolar va bolalarga mo‘ljallangan ko‘plab yangi asarlar sahna yuzini ko‘rmoqda. Yoshlar va drama teatrlarida milliy qahramonlar, jumladan, chet elda tahsil olgan turkistonlik yoshlar haqidagi “Qasamyod”, real voqealarga asoslangan “Kazbek: qahramon taqdiri” singari jiddiy dramatik asarlar repertuardan joy oldi.
Qo‘g‘irchoq teatrlari va bolalar teatrlarida ham mavsum boshidanoq kichik tomoshabinlar uchun “Sehrli urug‘” kabi yangicha talqindagi, zamonaviy va tarbiyaviy ahamiyatga ega ertak-spektakllar taqdim etilmoqda.
Bu yangilanishlar zamirida, shubhasiz, o‘zbek teatr san’atini nafaqat ma’naviy hordiq maskani, balki jamiyatning eng dolzarb muammolarini aks ettiruvchi, inson va jamiyat o‘rtasida jonli muloqotni ta’minlovchi ijodiy maydonga aylantirish maqsadi yotibdi. Teatrlarga moliyaviy va ijodiy mustaqillik berilishi ularni yillar davomida to‘planib qolgan byurokratik qoliplardan xalos etib, sohaga sog‘lom ijodiy raqobat muhitini olib kirishi kutilmoqda.
Endilikda sahna asarlarining sifati va tomoshabinlar tashrifi teatrning ijodiy hayotiyligi hamda iqtisodiy barqarorligini belgilovchi muhim mezonlarga aylanmoqda. Mahoratli xorijiy rejissyorlar bilan hamkorlikning kuchayishi esa milliy aktyorlik maktabimiz an’analarini jahon sahnasidagi zamonaviy tendensiyalar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Repertuarlarning mazmunan yangilanishi, xususan, tarixiy haqiqatlar va zamondoshlarimizning ichki kechinmalariga urg‘u berilayotgani tomoshabinlar dunyoqarashini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Infratuzilma va raqamli tizimlarning rivojlanishi esa san’at va xalq o‘rtasidagi masofani yanada yaqinlashtirib, teatrni kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylantirmoqda.
Bugungi teatr — bu shunchaki dekoratsiyalar va chiroqlar majmuasi emas, balki xalqning qalb urishini, zamon nafasini ko‘rsatib beruvchi jonli ko‘zgu. Ushbu ijodiy mavsum, hech shubhasiz, o‘zbek teatri tarixida yangilanishlar va yangi ijodiy izlanishlar davri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri