Parkentda «Nigoh» ijodiy loyihasi boshlandi
Bugun, 7-sentabr kuni rejissyor, dramaturg, kompozitor va rassomlarni bir nuqtada birlashtirgan «Nigoh» ijodiy loyihasiga start berildi.
Loyiha ishtirokchilarining Parkent tumanida joylashgan «Parkent» ijod uyiga yetib kelishi, belgilangan tartibda kutib olinishi va joylashtirilishi tashkil etildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun tadbir doirasidagi tashkiliy jarayonlarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Loyiha doirasida «Teatr san’atida ijodiy hamkorlik tamoyillari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, teatrshunos olimlar Go‘zal Holiqulova va Omonulla Rizayev hamda boshqa soha mutaxassislari mamlakatimizda teatr san’atini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, yosh ijodkorlarning mahoratini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijodiy loyihalar xususida batafsil so‘zladi.

Davra suhbati davomida teatr san’atini rivojlantirish, ijodiy jarayonlarda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, rejissyor, dramaturg, kompozitor va rassomlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida soha mutaxassislari va ijodkorlar tomonidan teatr san’atining bugungi holati, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda zamonaviy sahna asarlarini yaratish borasida takliflar ilgari surildi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, kelgusida ijodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
N.Usmonova, O‘zA