Yangi loyihalar va katta imkoniyatlar
Xitoy Xalq Respublikasining Nankang shahri delegatsiyasining Buxoro viloyatiga tashrifi nafaqat ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki G‘ijduvon tumanining yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yishida muhim voqea sifatida baholanmoqda.
Tashrif doirasida mehmonlar G‘ijduvon tumani hokimi Farxod Umarov boshchiligida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda sanoat sohasida yangi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida xitoylik investorlarga G‘ijduvon tumanining iqtisodiy salohiyati, qulay geografik joylashuvi, rivojlanayotgan sanoat infratuzilmasi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muzokaralar natijasida iqtisodiyotning bir nechta muhim yo‘nalishlarini qamrab olgan istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Xususan, G‘ijduvonda zamonaviy mebelchilik markazini tashkil etish, yuqori mahsuldor naslli chorvachilikni rivojlantirish hamda yangi sanoat ishlab chiqarish loyihalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha muhim rejalar belgilandi. Bu loyihalar kelgusida yuzlab yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish va mahalliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Erkin iqtisodiy zona rahbari Sherzod Ashurov tomonidan hududda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda sanoat infratuzilmasi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mehmonlar shuningdek, “G‘ijduvon Eko Bottlers”, “Buxoro Fayz Tekstil”, “Sadbarg” va “Firsham Mebel” kabi yirik korxonalar faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Muzokaralar jarayonida mahsulot eksport geografiyasini kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
Ayniqsa, Xitoyning mebelchilik sohasidagi ilg‘or tajribasini G‘ijduvonga olib kelish rejasi hudud iqtisodiyoti uchun yangi sahifa ochishi mumkin. Zero, Nankang shahri dunyodagi yirik mebelchilik markazlaridan biri sifatida tanilgan bo‘lib, mazkur tajribaning mahalliy ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashuvi katta iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbirlari