Quruq va issiq iqlim sharoitida sabzavot yetishtirilmoqda
Qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatga erishish faqat yerga urug‘ qadash bilan emas, balki ilm, tajriba va yangicha fikrlash bilan ham bog‘liq. Bugungi kunda yurtimizda agrar sohada innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etayotgan fidoyi fermerlar soni ortib bormoqda. Ana shunday tashabbuskor va ilg‘or dehqonlardan biri Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli “Zamir Amon” fermer xo‘jaligi rahbari Subhiddin Ikromovdir.
Qorovulbozorning jazirama issiq va quruq iqlim sharoiti ko‘pchilik tomonidan sabzavotchilik uchun qiyin hudud sifatida baholanadi. Ayniqsa, ochiq maydonda pomidor yetishtirish yuqori harorat tufayli ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Biroq haqiqiy tadbirkor va izlanuvchan fermer muammoni bahona emas, imkoniyat sifatida ko‘radi.
Subhiddin Ikromov vodiy hududlarida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalarni puxta o‘rganib, ularni mahalliy sharoitga moslashtirishga qaror qildi. Natijada 40 sotix yer maydonida pomidorning serhosil “Lojain” navi ekilib, ko‘chatlar ustini quyosh nurlarining kuchli ta’siridan himoya qiluvchi maxsus mato qoplamalari bilan yopish amaliyoti joriy etildi.

Ushbu innovatsion yondashuv kutilganidan ham yaxshi natija berdi. Maxsus qoplamalar tufayli ko‘chatlar yuqori haroratdan muhofaza qilinib, ularning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay muhit yaratildi. Natijada o‘simliklar sog‘lom rivojlanib, yuqori hosil shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
–Vodiydagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib kelganimdan so‘ng, pomidor ko‘chatlari ustini maxsus mato bilan qoplash usulini joriy etdim. Bu usul ko‘chatlarni issiq ta’siridan asrab, ularning yaxshi o‘sishiga xizmat qilmoqda. 40 sotix maydonga 10 ming tup pomidor ko‘chatini ekib chiqdik. Har bir tupdan o‘rtacha 8-11 kilogrammgacha hosil olish imkoniyati mavjud. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu maydondan 80 tonnadan ortiq pomidor hosili yig‘ib olishni rejalashtirmoqdamiz, –deydi fermer xo‘jaligi rahbari Subhiddin Ikromov.

E’tiborlisi, mazkur fermer xo‘jaligi faqat sabzavotchilik bilan cheklanib qolmagan. Xo‘jalik paxtachilik, g‘allachilik va chorvachilik sohalarida ham samarali faoliyat yuritib, hudud iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu esa fermerning mehnatsevarligi, zamonaviy agrotexnologiyalarga bo‘lgan qiziqishi va yangiliklarni tez o‘zlashtira olish qobiliyatidan dalolat beradi.

Bugun “Zamir Amon” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tajriba Qorovulbozor uchun yangi yo‘nalishni ochib bermoqda. Ilgari iqlim sababli imkoniyati cheklangan deb qaralgan hududlarda ham innovatsion yechimlar orqali yuqori hosildorlikka erishish mumkinligi amalda isbotlanmoqda.
Subhiddin Ikromovning tajribasi qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatning asosiy kaliti bilim, izlanish va yangilikka intilish ekanini yana bir bor namoyon etdi. Quruq va issiq iqlim sharoitida 80 tonnadan ortiq pomidor hosili olish rejasi nafaqat Qorovulbozor, balki butun Buxoro viloyati fermerlari uchun ham ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri