Yangi loyiha Orol taqdiri va inson hayotiga manfaatli bo‘lishi kerak
“Aral Sea Wetlands” loyihasi 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan. Uning asosiy maqsadi Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasida ekotizimlar barqarorligini oshirish, yer degradatsiyasini cheklash va aholi uchun barqaror tirikchilik manbalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Loyiha Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarini qamrab oladi. Bu hududlar suv tanqisligi, yerlarning sho‘rlanishi va degradatsiyasi kabi muammolarga duch kelmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasida Global ekologik jamg‘arma (GEF) hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzulga uchragan yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” (Aral Sea Wetlands) qo‘shma loyihasi Muvofiqlashtiruvchi kengashining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov hamda BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Fayyad Karman hamraisligida o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri — ko‘llar, suv-botqoq hududlari va daryolarning qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarini saqlash. Bu hududlar nafaqat tabiat uchun, balki ko‘chib yuruvchi qushlar va boshqa bioxilma-xillik vakillari uchun ham muhim makon hisoblanadi. Loyiha doirasida suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Loyiha doirasida 1050,9 ming gektar sug‘oriladigan yerda suv tejovchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish, 100 ming gektar yaylov, to‘qay va turang‘i o‘rmon ekotizimlarida barqaror yer boshqaruvi choralarini qo‘llash rejalashtirilgan. Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar loyihaning amalga oshirilish natijalari, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek bioxilma-xillikni saqlash, degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash va ekologik boshqaruvni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, hisobot davrida loyiha doirasida suv va yer resurslarini boshqarish sohasidagi mutaxassislar uchun 17 ta o‘quv seminari va trening tashkil etilgani qayd etildi.
Kun tartibidagi muhim masalalardan biri BMTTD O‘zbekistondagi loyihasi doirasida “Amudaryoning quyi oqimida degradatsiyaga uchragan va sho‘rlangan yerlarni tiklash uchun amaliy hamda innovatsion yechimlar” tanlovining ishga tushirilishi bo‘ldi. Tanlov degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash va mintaqa ekotizimlarining barqarorligini oshirishga qaratilgan amaliy innovatsion yechimlarni izlash va joriy etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yig‘ilish doirasida ekologik boshqaruvni mustahkamlash va bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan amaliy-huquqiy choralar hamda tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar Orol havzasi tabiiy resurslari va ekotizimlarini saqlash hamda ulardan barqaror foydalanishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mikro-grantlar dasturi doirasidagi masala va takliflarni ham muhokama qildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA