Yangi hamkorlar va yirik bitimlar maydoni
Ohangaron shahridagi sanoat zonasida tashkil etilgan "Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi samarali natijalarga boy bo‘lmoqda.
Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, 30 ta kelishuvga erishilib, umumiy qiymati qariyb 212,1 milliard so‘mlik bitimlar shakllantirildi.

— Mazkur ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik sanoat zanjirlariga integratsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlarni davlat xaridlariga keng jalb etish hamda hududlarda ishlab chiqarish faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim platformalardan biri bo‘ldi, — deydi OKMK Investitsiya departamenti direktori Mirzohid Komilov. — Masalan, bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yirik sanoat va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, Ushbu ishlar xorijiy hamkorlar bilan zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilib, konsentrat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda mahalliylashtirishni oshirish, mahalliy tadbirkorlarni jalb qilish va ishlab chiqarish zanjirini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, rudani maydalash va sanoat ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Korxona tomonidan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati va texnik talablar ochiq taqdim etilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va hamkorlik imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Tadbir doirasida davlat xaridlari tizimidagi mavjud masalalar, tadbirkorlar murojaatlari hamda amaliy takliflarga bag‘ishlangan panel sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi rahbariyati, mas’ul tashkilotlar vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar davlat xaridlarida ishtirok etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, amaliy to‘siqlar hamda tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z savol va takliflarini bildirdi.Tadbirkorlar ko‘targan murojaat va takliflar mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan joyida ko‘rib chiqildi hamda qayd etib olindi.

Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlar davlat xaridlari tizimida tadbirkorlar uchun teng va shaffof imkoniyatlarni kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud muammolarni hamkorlikda hal etishga xizmat qiladi.
A. Musayev, O‘zA