BMT vakili O‘zbekistondagi gender tenglik, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid islohotlarni yuqori baholadi
Osiyo xotin-qizlari II forumi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishlarni bartaraf etish qo‘mitasi raisi Naxla Haydar bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda 2030-yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglik strategiyasi amalga oshirilayotgani, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani ta’kidlandi.

Naxla Haydar O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni yuqori baholadi.
Tomonlar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ayniqsa, qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglik sohasida milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish hamda xotin-qizlar liderligini rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
N.Abduraimova, O‘zA