Yangi gastronomik ko‘cha ish boshladi
Andijon shahrida yana bir 24/7 tartibda ishlaydigan zamonaviy gastronomik ko‘cha tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik bayrami oldidan Andijon shahridagi Qo‘shariq mahallasi hududida andijonliklar va shahar mehmonlari uchun yana bir qulaylik yaratildi, 24/7 tartibda ishlaydigan zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan gastronomik – turizm ko‘chasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Ushbu ko‘chada 50 dan ziyod muzqaymoq, salqin ichimliklar va boshqa savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, xushmanzara dam olish maskanlari, tashkil etilib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
[gallery-29918]
Yangi barpo etilgan gastronomik ko‘cha shahar aholisi va mehmonlarining ko‘ngilli dam olish imkoniyatini kengaytirish bilan birga, hududning obodligi va shaharsozlik qiyofasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
– Zamonaviy, o‘ziga xos qiyofaga ega mazkur ko‘cha andijonliklar, ayniqsa, mahallamiz ahli uchun o‘zgacha tuhfa bo‘ldi, – deydi Qo‘shariq mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Zarifaxon Shokirova. – Farzand, nabiralarni yetaklab mana shunday obod, zamonaviy ko‘chada sayr qilish shubhasiz, har qanday kishining ko‘nglini ko‘taradi. Kundan kunga obod bo‘layotgan yurtimizga aslo ko‘z tegmasin.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari