Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlar tafsilotini taqdim etadi.

O‘zbekiston – Qatar
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni yurtimizga amaliy tashrif bilan kelgan Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zaro muloqotda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi loyihalarni yanada kengaytirishga ahdlashib olindi. Shuningdek, yetakchilar global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Turkiya – Kanada
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an 22-oktabr kuni Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashdi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish, energetika, savdo, transport va mudofaa sanoati sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni yil oxiriga qadar boshlash, o‘zaro savdo hajmini dastlab 5 milliard, keyinchalik 10 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi. Shuningdek, uchinchi mamlakatlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, energetika va mudofaa sanoati sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar G‘azo, Ukraina va Fors ko‘rfazi mintaqasidagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.

Maldiv orollari – Pokiston
Maldiv orollari yetakchisi Muhammad Muizzu 20-oktabr kuni Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan Islomobod shahrida rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini kelgusi ikki yil ichida 13 million dollardan 200 million dollarga yetkazish maqsadini belgiladir. Shuningdek, yoshlar, sport, mudofaa va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA