Yangi boshqaruv tizimida hokim o‘rinbosarlari kamayadi
Bugungi davr talabi, zamonaviy texnologiyalar asosida mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimi takomillashmoqda. Bunda asosiy mezon samaradorlikni oshirish, boshqaruvning ochiq va shaffofligini ta’minlash, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish bo‘lmoqda.
Samarqandda ham viloyatning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy tajriba va zamonaviy yondashuvdan kelib chiqib, yangi tizim shakllanmoqda.
– Boshqaruv tizimini qayta qurishning dastlabki bosqichi sifatida viloyat va tuman (shahar) hokimliklarining funksiyalari to‘liq xatlovdan o‘tkazilmoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Alimardon Rahmatullayev. – Bu jarayonda aniqlangan o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va takrorlanuvchi vazifalar butunlay bekor qilinadi. Natijadorlik (KPI) ko‘rsatkichlari past bo‘lgan rahbarlarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘rish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Rahbar va xodimlarning faoliyatini baholashda samaradorlik.uz onlayn platformasidan foydalanilmoqda. Bunda har bir rahbarning kundalik faoliyati, dasturlar ijrosini ta’minlashdagi ishtiroki va zimmasiga yuklatilgan vazifalarning qay darajada bajarayotgani mazkur tizimga kiritiladi. Shu asosida uning faoliyatiga inson omili aralashmagan holda baho beriladi.
Ayni chog‘da hududlar infratuzilmasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlashda mahallalarning roli oshib bormoqda. Bir paytlar ikki-uch kishi ishlagan mahalla bugun yetti kishilik jamoaga aylangan. Boshqacha aytganda, hozir mahalladagi har bir yo‘nalish va jarayonni qamrab olgan boshqaruv tizimi shakllandi. Mahalla endilikda faqat muammo tinglanadigan joy emas, balki ularning yechimi topiladigan markaz hisoblanadi. Mahalla raisi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori va soliqchi bilan birgalikda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalardan boshlab, xavfsizlikkacha shu yerning o‘zida ta’minlashi mumkin. Ular yagona maqsad va KPI asosida faoliyat yuritadi, shunga qarab ularning ishiga baho beriladi.
– Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-oktabrdagi farmoni mamlakatimizda mahalliy davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi hamda tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘ldi, – deya so‘zida davom etadi A.Rahmatullayev. – Mazkur farmon, eng avvalo, “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” tamoyilini mahalliy boshqaruvning ustuvor mezoni sifatida belgilab berdi. Farmonga ko‘ra, joriy yilda yurtimizdagi 33 tuman va shaharda tajriba-sinov tarzida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, viloyatimizning Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlarida yangi boshqaruv tizimi joriy etildi. Bunda Respublikada ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) darajasidagi 9 ta hududiy bo‘linmasi mahalliy hokimliklar tarkibiga o‘tkazildi. Bu o‘zgarishlar natijasida avval turli idoralar o‘rtasida muvofiqlashtirishni talab etgan masalalar endi “yagona boshqaruv markazi” orqali hal etilmoqda. Masalan, investitsiya loyihalarini kelishish, yer ajratish, infratuzilma ulash va bandlik masalalarini hal qilish jarayonlari bir necha bosqichdan emas, balki yagona tizim orqali amalga oshirilmoqda.
Yangi tuzilmaga muvofiq, tajriba o‘tkazilayotgan tuman va shahar hokimliklarida hokim o‘rinbosarlari soni 4 nafar etib belgilandi. Bu boshqaruvni ixchamlashtirish, mas’uliyatni aniq taqsimlash va qaror qabul qilish tezligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, hokimliklarda yangi tarkibiy bo‘linmalar tashkil etildi. Xususan, axborot-tahlil guruhi, ijro, nazorat va murojaatlar bilan ishlash, energiya menejeri, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, strategik vazifalarni hal etadigan, hokimlik faoliyatini tashkiliy-texnik, axborot-tahlil, nazorat va protokol jihatdan ta’minlaydigan, boshqaruv apparati bo‘linmalari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiradigan Ijro apparati rahbari lavozimi joriy etildi.
Ushbu hokimliklar boshqaruv apparatining tuzilmasi va shtatlarini tuman hokimining taqdimnomasiga binoan tegishli tuman xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Farmonning eng muhim yangiliklaridan biri KPI, ya’ni asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimining joriy etilishidir. Endi hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari aniq natijalar asosida baholanadi. KPI ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan hududlarga kelgusi yil uchun “drayver” loyihalar infratuzilmasini yaratishga ajratiladigan mablag‘lar 15 foizga oshiriladi.
Masalan, agar tumanga infratuzilma uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, KPI ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilganda ushbu mablag‘ yana 15 milliard so‘mga oshiriladi. Aksincha, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilmasa, mablag‘lar qisqartirilishi va rahbarlarning lavozimiga muvofiqligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Farmon doirasida rahbar kadrlar rotatsiyasi tizimi ham joriy etilmoqda. Bu esa tajribali rahbarlarni boshqa hududlarga yo‘naltirish, ilg‘or tajribani ommalashtirish va boshqaruvda yangicha yondashuvlarni keng tatbiq etish imkonini beradi. Eng muhimi, mazkur islohotlar aholi murojaatlarini tezkor hal etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorlik uchun yanada qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda. Bugun mahalliy hokimliklar faqat boshqaruv organi emas, balki aholi va tadbirkorlar uchun kompleks xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy institutga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari yaqinda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi faoliyati bilan tanishib, ushbu tuman misolida boshqaruvda raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Hokimliklarda “Situation Center” (Vaziyatlar markazi) tashkil etish belgilandi. Jumladan, Samarqand viloyati hokimligida ham sun’iy intellekt elementlarini o‘z ichiga olgan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Kadrlar siyosatida “tasodifiy” tayinlovlarga chek qo‘yilib, tizimli o‘sish mexanizmi yaratilmoqda. Bunda oliy ta’lim muassasalarini imtiyozli diplom bilan tugatgan va ochiq tanlov orqali kelgan yoshlar uchun alohida “Karera xaritasi” ishlab chiqilgan. Xorijdagi vatandoshlarni davlat boshqaruviga jalb qilish uchun esa “Yangi O‘zbekiston: global iste’dodlar muloqoti” forumi o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, “Sirli mijoz” tizimi asosida odob-axloq komissiyalari a’zolari oddiy fuqaro qiyofasida hokimliklardagi xizmat ko‘rsatish sifatini o‘rganadi va baho beradi. Anonim so‘rovnomalar o‘tkazish orqali esa rahbarning muomalasi va dam olish kunlari ishga chaqirish holatlari bo‘yicha doimiy monitoring yuritiladi. Rahbar kadrlarni tayinlashda endi odob-axloq komissiyasining xulosasi majburiy etib belgilandi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri