Yangi amaliyot: Bozor nazorati tizimi joriy etilmoqda
Bugungi kunda bozorlarda mahsulotlar turi va hajmi ortib bormoqda. Bozorlar aholiga xavfsiz, zarur mahsulot va tovarlarni yetkazib berishda muhim hisoblanadi. Lekin amaldagi texnik jihatdan tartibga solish tizimi bozordagi barcha nooziq-ovqat mahsulotlarini to‘liq qamrab olish imkonini bermaydi. Bu esa mahsulotlar sifatini ta’minlash, ularning inson hayoti va sog‘lig‘iga ta’sirini baholashda ayrim muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Shu sababli amaldagi davlat nazorati tizimidan xalqaro tajribada yuqori samara bergan, Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq bo‘lgan bozor nazorati tizimiga o‘tish zarurati yuzaga kelyapti.
Shu munosabat bilan iste’molchilarning manfaatlaridan kelib chiqib, bozorga kirib kelgan barcha nooziq-ovqat mahsulotlarining inson hayoti va sog‘lig‘iga xafsizligi hamda atrof-muhitga zarar yetkazmasligini ta’minlashga qaratilgan “Bozor nazorati” qonuni loyihasi ishlab chiqilgan. Unda bozor nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Qonunchilik palatasi majlisida ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda qizg‘in muhokama qilindi. Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan yangi tizim — bozor nazorati tizimi joriy etilmoqda. Qonunchilikka bozor nazorati tushunchasi kiritilmoqda, vakolatli organlarning vakolatlari, vazifalari belgilanmoqda.
Loyihada bozor nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlari, xususan, nazorat xaridlari, mahsulotlar ekspertizasi, joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazishning xuquqiy asoslari belgilanmoqda. Shuningdek, mahsulotlar nomuvofiqligi yoki iste’molda jiddiy xavf-xatar tug‘dirishi aniqlanganda ko‘riladigan ta’sir choralariga oid normalar aks ettirilgan.
Amaliyotda bozor nazoratini olib boruvchi ayrim tashkilotlar bir-birini takrorlovchi vazifalarni bajaradi. Shu bois, bozor nazoratini olib borishda vakolatli organlar bilan bojxona organlari o‘rtasidagi hamkorlik, bozor nazorati sohasida idoralararo axborot almashinuvi, iqtisodiy operatorlarning javobgarligi hamda inson hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni iste’molchilarga qoplab berishning huquqiy asoslari aniqlanmoqda.
Bozor nazorati jarayonida bojxona organlarining ishtiroki belgilab berilmoqda. Bozor munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA