“So‘nggi qo‘ng‘iroq”da orzular qanot yozdi
Mamlakatimizning barcha hududlari singari Surxondaryo viloyatidagi mingdan ortiq ta’lim muassasasida ham “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mustaqil hayotga ilk qadam tashlayotgan o‘quvchi-yoshlarning qadrdon maktablari bilan xayrlashuv marosimlarida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahallalar faollari, nuroniylar, bitiruvchi o‘g‘il-qizlar qatnashdi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanidagi 66-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etib, Prezidentimizning mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib, eshittirdi. Shuningdek, viloyatning ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga yaratilayotgan sharoitlar va o‘quvchi-yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Bu yil tumandagi 66-maktabda 490 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya oldi. Ularning 38 nafari to‘qqizinchi, 25 nafari 11-sinfini muvaffaqiyatli bitirmoqda. Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning chuqur bilim olishi va ustozlarning fan sirlarini yanada mukammal o‘rgatishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Keng, shinam sinfxonalar, laboratoriyalar zamonaviy usulda jihozlangan.

Yakunlanayotgan o‘quv yilida viloyatdagi maktablarning 9-sinfini 48 ming 400 dan ortiq, 11-sinfini 37 ming 790 ga yaqin o‘quvchi tugatmoqda. 11-sinf bitiruvchilarining 325 nafari oltin, 86 nafari kumush medal bilan maktabni bitirmoqda. 300 nafar o‘quvchi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Sohada amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar natijasida bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi keyingi olti yilda 12 foizdan 39 foizga oshdi. O‘quvchilar nufuzli fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, viloyat terma jamoasining umumrespublika reytingidagi o‘rni sezilarli darajada yaxshilandi. Mamlakatimiz miqyosida 14-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi. Jumladan, shu yilning 6-7-may kunlari Toshkent shahrida tarix fani bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli olimpiadada Muzrabot tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o‘quvchisi Asilbek Qayumov faxrli birinchi o‘rinni egallab, oltin medal bilan taqdirlandi. DXX Chegara qo‘shinlari akademik litseyi o‘quvchisi Mehriddin Fazliddinov 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, kumush medal sohibi bo‘ldi. 6-7-may kunlari Gretsiyada o‘tkazilgan 43-Bolqon matematika olimpiadasida Termiz shahridagi 14-maktabning 10-sinf o‘quvchilari Javohir Anvarov va Elshod O‘ralov dunyodagi tengdoshlariga mamlakatimizda ta’lim tizimiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni namoyish etib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Oltin medalni qo‘lga kiritdi. Elshod O‘ralovning 21-may kuni Toshkent Xalqaro matematika olimpiadasida oltin medal bilan taqdirlanib, yuqori natijani egallagani voha ahliga yana bir quvonch ulashdi.

Joriy o‘quv yilini viloyatdagi pedagoglar ham yanada boy yutuqlar bilan yakunlamoqda. Masalan, “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakat bosqichida Uzun tumanidagi 34-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Fazilat Diyorova faxrli birinchi o‘rinni egallab, Prezidentimiz sovg‘asi – “BYD Chazor” elektromobili bilan taqdirlandi.


Vohadagi umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirlarda 2025-2026 o‘quv yilida namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar munosib taqdirlandi. “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar sohibu sohibalariga minnatdorlik xatlari, esdalik sovg‘alar topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri