Xorijiy ta’lim tajribasi (+video)
2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida 145 ta texnikumdan jami 246 nafar rahbar va pedagog xodim xorijga yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasbiy ta’lim tizimini isloh qilish hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan qaror va farmonlari (PQ-316 va PF-190-son) doirasida tizim pedagoglarini xorijda malaka oshirish hamda stajirovkaga yuborish ishlari jadal davom etmoqda.
2030-yilga qadar xorijda stajirovka o‘tagan pedagoglar sonini 100 nafardan 2 500 nafarga, jumladan 2026-yil davomida 300 nafarga yetkazish bo‘yicha belgilangan strategik maqsad doirasida, 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida 145 ta texnikumdan jami 246 nafar rahbar va pedagog xodim xorijga yuborildi.Respublikamizning turli hududlaridagi 145 ta texnikumdan saralab olingan mutaxassislar asosan Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Hindiston, Belarus va Yaponiya kabi kasbiy ta’limi rivojlangan davlatlarda bo‘lishdi.
Dastur ishtirokchilarining asosiy qismini, ya’ni 166 nafarini bevosita amaliyotga mas’ul bo‘lgan ishlab chiqarish ta’limi ustalari tashkil etadi. Shuningdek, jarayonga 27 nafar rahbar xodim, 20 nafar umumta’lim va 33 nafar maxsus fan o‘qituvchilari jalb qilingan. Ular avtomobilsozlik, sanoat, IT, qurilish, qishloq xo‘jaligi, payvandlash, dizayn va tibbiyot kabi iqtisodiyot uchun muhim drayver yo‘nalishlarda ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirdilar.
Shu bilan birga, kasbiy ta’lim mazmuni va sifatini oshirish maqsadida joriy yildan boshlab har yili o‘z faoliyatida eng yaxshi natija ko‘rsatgan jami 150 nafar pedagog (ishlab chiqarish ta’limi ustasi, umumta’lim va maxsus fan o‘qituvchilaridan 50 nafardan) to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijga yuborilmoqda.Ushbu sa’y-harakatlar O‘zbekistonda mehnat bozorining xalqaro standartlariga javob beradigan, zamonaviy va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (O‘zA)