Xoreografiya maktab-internatidagi muammolar o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib, muassasaning faoliyati va mavjud shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur ta’lim muassasasi yurtimiz xoreografiya san’atining rivojlanishi va taraqqiy etishida muhim o‘rin tutadi. Bu yerda tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar yurtimizning Mustaqillik, Navro‘z kabi muhim bayram tantanalarida muntazam qatnashib, tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Deputatning o‘rganishlari jarayonida ta’lim muassasasida bir qator muammolar borligi aniqlandi. Jumladan, muassasa binosi umumiy yer sathidan pastroqda joylashgani sababli qor va yomg‘ir suvlari shu hududda to‘planib, binoning yerto‘la qismiga kirib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa yerto‘laning texnik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, binodagi kanalizatsiya tizimida ham qator muammolar mavjud. Xususan, quvurlar eskirgan bo‘lib, ularni yangilash zarurati tug‘ilgan, o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa tobora pasayib bormoqda.
Muassasaning elektr tarmoqlari ham ma’nan va jismonan eskirgan. Natijada yuqori kuchlanish davrida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilishi odatiy holga aylangan.

Xoreografiya san’atiga ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv dasturiga muvofiq, o‘quvchilar muntazam ravishda konsert dasturlari va chiqishlar tashkil etishlari lozim. Biroq muassasada konsert va repetitsiya kiyimlarining yetishmasligi sababli bunday tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari cheklanib qolmoqda.

Uchrashuv davomida deputat muassasa rahbariyati hamda pedagoglar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish, ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish masalasi deputatlik nazoratiga olindi.
M.Komilova, O‘zA