Ochiqlik siyosatida OAVning o‘rni va ishtiroki
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Ochiqlik siyosati sharoitida zamonaviy jurnalistika va ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar haqda so‘z bordi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. OAVni erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarini faol himoya qiladigan ta’sirchan kuchga aylantirish uchun mustahkam huquqiy asos va qulay ijtimoiy muhit yaratildi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari erkinligi va qonunga muvofiq ish olib borishi, davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashi belgilandi.
[gallery-30069]
Davra suhbatida telejurnalistikaning so‘z erkinligini ta’minlashda ayni kundagi holati, ochiqlik indeksida O‘zbekistonning egallagan mavqeyi, sun’iy intellektning elektron OAV va zamonaviy jurnalistika rivojidagi ahamiyatiga oid ma’ruzalar tinglandi, qator fikrlar bildirildi.
Qayd etilganidek, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarda jurnalistlarning kasbiy faoliyatini amalga oshirish, axborot olish, davlat organlari va tashkilotlaridan jamoatchilik uchun ahamiyatli ma’lumotlarni so‘rash va olish huquqlari mustahkamlab qo‘yildi. Bu esa ochiqlik siyosati samaradorligini oshirish, davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Qizg‘in muhokamalar davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Xususan, elektron ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, shuningdek, jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlariga nisbatan samarali ta’sir mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi.
Davra suhbati yakunida ochiqlik siyosati samaradorligini oshirish, jurnalistlar huquqlarini ta’minlash va axborot sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
M.Komilova,
O.Mirsoatov (surat), O‘zA