Xorazmda “Xavfsiz kibermakon oyligi” davom etmoqda
Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan “Xavfsiz kibermakon oyligi” boshlanishi munosabati bilan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan viloyatda kiberjinoyatchilikning bugungi holati, uning asosiy turlari va oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, kiberjinoyatchilar tomonidan qo‘llanilayotgan yangi usullar fuqarolarni aldash orqali shaxsiy ma’lumotlar va bank karta ma’lumotlarni qo‘lga kiritish holatlariga alohida e’tibor qaratildi.
– Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyatda 1800 ta kiberjinoyatlar haqida fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, yetkazilgan zarar miqdori qariyb 10 milliard so‘mni tashkil etadi, – deydi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Otajonov. – Kiber jinoyatlarni aniqlash va oldini olish borasida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 milliard so‘m “o‘marilgan” pul mablag‘lari o‘z egalariga qaytarildi. Bu boradagi ishlarimiz tunu kun davom etmoqda.
[gallery-30730]
Tadbirda fuqarolarning kiberfiribgarlik qurboniga aylanmasligi uchun shubhali havolalarni ochmaslik, soxta onlayn takliflarga ishonmaslik, bank kartasi rekvizitlari, SMS orqali keladigan tasdiqlash kodlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik yuzasidan tavsiyalar berildi.
Anjuman davomida jurnalist va blogerlar o‘z savollariga mutaxassislar tomonidan javob oldi. Ma’lumot o‘rnida, “Xavfsiz kibermakon oyligi” shu oyning birinchi sanasidan o‘ttiz birinchi sanasigacha davom etadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari