Termizda yoshlar muammolari va takliflari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi a’zolari Termiz shahrida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mahallalarda yoshlar bilan ishlashning samarali tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning muammo va takliflarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
[gallery-30734]
Ochiq muloqotda oliy ta’lim muassasalari talabalari, ularning ota-onalari, pedagoglar, davlat tashkilotlari va idoralari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim va bandlik sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr almashilib, ishtirokchilarning 200 ga yaqin murojaat va takliflari tinglandi.
Murojaatlarning aksariyati ta’lim, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy masalalarga oid bo‘lib, ular yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi va amaliy choralar belgilandi.
Tadbir davomida ayrim murojaatlar joyida hal etildi. Jumladan, Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagan Lobar Bozorovaning mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish haqidagi murojaati ijobiy hal qilinib, u Termiz shahridagi 26-sonli umumta’lim maktabiga ishga qabul qilindi.
Uchrashuvda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb egallashi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan davlat dasturlari hamda mavjud imkoniyatlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA