Xorazmda Qurbon hayiti namozi o‘qildi
Bugun tongda mamlakatimizdagi barcha jome masjidlari va ziyoratgohlar yurtdoshlarimiz va ziyoratchilar bilan to‘lib-toshdi. Qalblarda quvonch, tillarda shukronalik bilan xalqimiz ulug‘ ayyom Hayit namozini ado etdi.
Xorazm viloyatida ham Qurbon hayiti namozi o‘z vaqtida, barcha hududlardagi 93 ta masjidlarda yuqori kayfiyat va tartib-intizom bilan adoetildi.

- Islom dinida hayit namozi vojib amal hisoblanadi, - deydi 90 yoshli mehnat faxriysi Hojiboy Otaniyozov. – Kuni kecha Prezidentimiz xalqimizga o‘z tabrigini yo‘lladi. Bundan juda xursand bo‘ldik. Bugun hali quyosh bosh ko‘tarmay turib, masjidlar tomon talpinayotgan yurtdoshlarimizning yuzidagi tabassum va fayz bayramning asl ruhini namoyon etdi. Milliy liboslarimizni kiygan otaxonlar, yoshlar va bolajonlarning masjidlar sari odimlashi yurtimiz ko‘chalariga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Namoz boshlanishidan avval ulamolar va imom-xatiblar tomonidan ushbu ulug‘ kunning fazilatlari, Islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ota-onaga hurmat va o‘zaro mehr-oqibat kabi ezgu g‘oyalari haqida ma’ruzalar qilindi.
Qurbon hayiti bu nafaqat bayram, balki gina-qudratlarni unutish, muhtojlar holidan xabar olish va yaqinlarga quvonch ulashish ayyomidir. Shu sababdan davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga binoan viloyatda bayram arafasida sahovat ishlari olib borildi.
Misol uchun viloyatda ijtimoiy himoya muhtoj bo‘lgan 343 nafar bolalarning omonat hisobraqamlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti ajratilib vaucherlar tarqatildi.
Bugun yurtimizning har bir go‘shasida, har bir xonadonida bayram dasturxoni yozilgan. Tandirlardan uzilgan issiq nonlar, pishirilgan milliy taomlar va shirinliklar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda. Bolajonlarning quvonchi, otaxonu onaxonlarning duoga ochilgan qo‘llari yurtimiz ustiga ilohiy baraka yog‘ilishidan darak beradi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri