Xitoy kompaniyasi Navoiy uchun sutkasiga 200 ming kub metr quvvatli suv inshooti qurishni taklif qildi
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan amalga oshirilayotgan muloqotlar yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish uchun muhim zamin yaratmoqda.
Shu maqsadda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi Ahmad Suvonqulov Xitoy Xalq Respublikasining “China Energy Overseas Investment Co., Ltd” kompaniyasi vitse-prezidenti Li Yaxong boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida Navoiy shahrida yangi zamonaviy ichimlik suvini tozalash inshootini qurish loyihasini amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
– Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Navoiy shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyiha bo‘yicha barcha texnik va iqtisodiy jihatlarni chuqur o‘rganish, mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib eng maqbul yechimni shakllantirish zarur, – dedi Ahmad Suvonqulov.

Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyasi vakillari Navoiy shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi ichimlik suvini tozalash inshootining loyiha quvvatini 2050-yilgacha bo‘lgan ichimlik suviga ehtiyoj prognozlari asosida shakllantirishni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida loyiha doirasida xorijiy kompaniya taklif etgan texnologik yechimlarni har tomonlama o‘rganish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishib olindi.

Tomonlar mazkur hamkorlik suv ta’minoti sohasida o‘zaro manfaatli sheriklikni yangi amaliy loyihalar bilan boyitish, Navoiy shahrining istiqboldagi ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini ishonchli ta’minlash hamda zamonaviy suv ta’minoti infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA